Yo‘llar, ko‘chalar ko‘z o‘ngimizda avtotransportlar bilan to‘lib boryapti. Shaharlar markazlarida tirbandliklar jiddiy muammoga aylanib, tezkor yechimlarga ehtiyoj kundan kunga ortmoqda. Kechagi shaharsozlik normalari esa bugungi kun talabiga javob bermayapti. Takliflar yo‘q emas. Shaharsoz bilan suhbatimiz tirbandliklar, muammoli chorrahalar va yo‘l o‘tkazgichlar mavzusi tahliliga bag‘ishlanadi.

Shaharsoz Iskandar Soliyev bilan poytaxtda qurilgan ko‘priklar va estakadalar bo‘ylab qilgan suhbatimiz davomida ularning shahar uchun qanchalik kerakli yoki aksincha ekani haqida gaplashdik.

Iskandar Soliyev

Poytaxtda, viloyat markazlarida, umuman, respublikamizdagi shaharlarda yo‘l o‘tkazgichlar, estakada, ko‘priklarga ehtiyoj qay darajada? Ayni qaysi biriga bizda ehtiyoj ko‘proq va nima uchun?

— Yo‘l o‘tkazgichlarga ham, estakadaga ham ehtiyoj yo‘q. Shahar ichidagi chorrahalarda svetoforlar bilan hal qilsa bo‘ladi. Shaharga kirish qismlarida estakadalar qilish mumkin. Bu amaliyot dunyo mamlakatlarida bor, ya’ni estakadalarsiz ham muammoni hal qilish mumkin, lekin ancha aqlli loyiha kerak bo‘ladi bunga.

Shahar ichida estakada va ko‘priklar shartmas deganimga birinchi sabab o‘sha ko‘priklar qilingan hudud ikkiga ajralib, ko‘prik bor joy jonsiz bo‘lib qoladi. Piyodalar harakati cheklanadi, ko‘plab beton-asfalt sarflanib, katta hudud egallanib, tabiatga zarar yetadi, yashillik kamayadi. Umuman, bu orqali tirbandlik yechilib qolmaydi. Tirbandlikni jamoat transportlarini ko‘paytirib, alternativ harakatlanuvchi (velosiped, skuter) vositalar orqali yechish mumkin. Odamlar yengil avtomobillardan tashqari ham boshqa vositalardan foydalanishga o‘rganishi kerak.

21-asr shaharsozligida yo‘llar avtomobillar uchun qulay bo‘lishi kerakmi yoki piyodalar uchun?

— Birinchi o‘rinda piyodalar uchun qulay va xavfsiz bo‘lishi kerak. Keyingi o‘rinlarda velosiped, samokat kabilarga, jamoat transportlariga.

Atrofdagi jonli muhitni «o‘ldirgan» hududlarni sanab bera olasizmi?

– Toshkent shahridagi Abdulla Qodiriy ko‘chasida, Eko park yonida, Muqimiy ko‘chasida ko‘priklar tufayli jonli muhit yo‘qolgan. Piyodalar uchun qilingan ko‘priklar ham o‘zini oqlamaydi aslida, faqat harakatni cheklab, noqulaylik tug‘diradi. Shahar ichida faqat svetoforlar bilan o‘tish mumkin bo‘lishi kerak. Tezlikni ham kamaytirish lozim shahar ichida, bu qanchalik radikal yechim bo‘lmasin, qilish kerak. Chunki oqibatlari yomon bo‘ladi bunday holatdagi YTHlarning.