13 oktyabr kuni Bishkekda MDH davlat rahbarlari kengashi majlisi doirasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun tashkilotning oliy mukofoti – MDH Faxriy nishonini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Shavkat Mirziyoyevni «MDH ishtirokchi davlatlari orasidagi hamjihatlik rivojlanishi, do‘stlik mustahkamlanishi, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlikka qo‘shgan ulkan hissasi uchun» tantanali ravishda taqdirladi, deyiladi Qirg‘iziston rahbari matbuot xizmati xabarida.
Sadir Japarov o‘z nutqida Shavkat Mirziyoyevning do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, Markaziy Osiyo va butun MDH mamlakatlarining ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini e’tirof etgan.
«Qayd etishni istardimki, ko‘p jihatdan uning shaxsiy sa’y-harakatlari tufayli MDHga a’zo mamlakatlar o‘rtasida davlatlararo munosabatlarda mutlaqo yangicha ishonch muhiti yaratildi, o‘zaro savdo va sarmoya hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasi, transport va suv-energetika infratuzilmasi bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiluvchi qulay muhit shakllanmoqda», — deya qayd etgan qo‘shni davlat prezidenti.

Sadir Japarov shuningdek aynan Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi tufayli qirg‘iz-o‘zbek davlat chegarasini demilitatsiya qilish jarayonini yakunlash imkoni bo‘lganiga ham alohida urg‘u qaratgan.
«Ushbu masala hal etilishi barcha sohalarda qirg‘iz-o‘zbek hamkorligiga ijobiy dinamika qo‘shib, ko‘p ylliar davomida ochiq qolayotgan muammolarni hal etishga turtki bo‘ldi.
O‘zbekiston keyingi yillarda MDH faoliyatidagi ishtirokiga qanday sifat jihatidan yangi dinamika qo‘shganini barchamiz ko‘rib turibmiz. O‘zbekiston prezidenti tashabbusi bilan hamkorlikning muhim yo‘nalishlari qatorida transport yo‘laklarining raqobatbardoshligini oshirish, normativ hujjatlar va standartlarni uyg‘unlashtirish, kelishilgan tarif siyosatini yuritish va o‘zaro preferensiyalar berish borasidagi vazifalar izchil hal etilmoqda. MDH doirasida o‘zaro savdodagi to‘siqlarni tezkorlik bilan bartaraf etish bo‘yicha samarali chora-tadbirlar shular jumlasidan», — degan u.
Japarov o‘z nutqi yakunida Shavkat Mirziyoyevga MDH davlatlari integratsiyasiga qo‘shgan bebaho hissasi, doimo Hamdo‘stlik makonida ishbilarmonlik aloqalari va har tomonlama samarali hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tegishli tashabbuslarni ilgari surayotgani uchun minnatdorchilik bildirgan.


















