Soxta treningchi Islom Ibrohimov ko‘p miqdordagi firibgarlik jinoyatlarini sodir qilganlikda gumonlanib, qidiruvga berilgani ma’lum bo‘ldi. Xo‘sh, u odamlarni qanday qilib chuv tushirgan? Tarmoqdagi sahifasida Kanadada ekani haqida yozayotgan Ibrohimov chindanam ummon ortidami? Ushbu maqola va ko‘rsatuvda shular haqida batafsil bilib olasiz.
Islom Ibrohimov kim o‘zi?
Bir muddat avval SUBeKTIV “biznes-trening” nomi ostida sotilayotgan kurslar hamda ular orasida o‘zi haqida yolg‘on ma’lumot tarqatish orqali mijoz yig‘ayotganlar haqida maxsus ko‘rsatuv tayyorlagan edi. Unda Islom Ibrohimov faoliyatiga ham alohida to‘xtalib o‘tilgan.
Mazkur ko‘rsatuvda Islom Ibrohimovga tegishli “IBRO BEST” qurilish firmasining faoliyati o‘rganilgandi. Ushbu firma tomonidan qurilgan, deb ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan obektlar butunlay boshqa hududda, boshqa quruvchi tashkilotlar tomonidan qurilgani fosh etilgan.

“IBRO BEST” qurilish firmasi menejyerlari bilan bog‘lanilganda esa jamiyatga investitsiya kiritish taklifini berishdan nariga o‘tishmagan. Ya’ni, Islom Ibrohimovning firmalari investitsiya kiritish evaziga yiliga yetmish foizdan foyda olish taklifi bilan allaqachon odamlarni cho‘v tushira boshlagan.
Shuningdek, SUBeKTIV loyihasida Islom Ibrohimov treningchi sifatida ancha tanilgani, biroq asoslanmagan faktlar bilan tinglovchilarni aldab kelayotgani ochib berilgandi.
U odamlarni qanday aldab kelgan?
Ushbu voqealar fonida Kun.uz’ga Ibrohimovning xatti-harakatlari bilan bog‘liq holatlar aks etgan materiallar kelib tusha boshladi.
Islom Ibrohimov odamlarning ishonchiga kirib, Buxoro shahridagi “Business Invest online school” rahbari sifatida mazkur jamiyatga sarmoya kiritishni so‘ragan. Evaziga 70 foiz foyda berishni va’da qilgan.
Jumladan, Toshkent shahri Olmazor tumanida istiqomat qiluvchi Salimjanova 11 000 AQSh dollarni 70 foiz foyda olish maqsadida Ibrohimovga berganini aytmoqda. Ma’lum muddat o‘tgach, ayol o‘zining chuv tushganini bilib qoladi va huquq-tartibot idoralariga murojaat qiladi. Biroq bu paytga kelib Islom Ibrohimov allaqachon mamlakatni tark etgandi.



















