Rossiya harbiylarida so‘nggi bir yil ichida Baxmut va Soledardan so‘ng nisbatan yirik uchinchi aholi yashash manzili Avdiyivkani egallash imkoniyati paydo bo‘lgan. Ukraina QK hozircha Dniproning so‘l qirg‘og‘ida muvaffaqiyatini rivojlantira olmayapti. Bu voqealar fonida G‘arbda Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etish borasida keskin munozaralar paydo bo‘lgan.

Ukrainalik harbiy xizmatchilar frontda. Foto: Volodimir Zelenskiyning Telegram kanali

Germaniyaning Bremen universiteti qoshidagi Sharqiy Yevropani o‘rganish markazi ilmiy xodimi Nikolay Mitroxin Ukraina frontida so‘nggi hafta ichida sodir bo‘lgan voqealarni tahlil qildi.

Avdiyivka birinchi planga chiqdi

Frontdagi vaziyat yetarli tarzda statik ko‘rinish oldi. Tomonlarda sezilarli siljish yoki yangi muhim janglar kuzatilmayapti. Biroq hafta ichida agar prinsipial bo‘lmasa ham, Avdiyivka atrofidagi vaziyat sezilarli darajada o‘zgardi. Uning yo‘qotilishi tobora oydinlashmoqda va Ukraina QKning 2023 yilgi yozgi qarshi hujum kampaniyasining barcha natijalarini yo‘qqa chiqarish bilan tahdid qilmoqda, bu esa Ukrainani 2024 yilda moliyalashtirishga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir o‘tkazishi mumkin.

Avval xalqaro kuzatuvchilar, so‘ngra Ukraina nashrlari RF qurolli kuchlari (turli baholashlarga ko‘ra) ikki ming askari va (fotolar bo‘yicha sanab chiqilgan) yuzdan ortiq texnikasidan ayrilib, Avdiyivkani jiddiy yarim qamal holatiga qamay olishgani va Ukraina ta’minot koridorini yetti kilometr kenglikkacha toraytirishgani (avval 9 km edi)ni ta’kidlashdi. Avdiyivka shimoliy-sharqiy chetidagi kokskimyo kombinatining «terrikoni» 20 oktyabr kuni RF QK tomonidan egallangani shaharni mudofaa qilish imkoniyatlariga jiddiy ta’sir o‘tkazmoqda.

Endi inson qo‘li bilan yaratilgan, diametri 300 metr bo‘lgan yassi tepalik ustidan turib nafaqat shaharning shimoliy qismini kuzatish va o‘qqa tutish, balki kombinatning sanoat zonasiga hujum ham uyushtirish imkonli bo‘lib qoldi. Baxmut va Soledar (avvalroq Severodonetsk va Lisichansk, undan avvalroq Izyum) tajribasidan ma’lumki, Rossiya shturmchi guruhlari shaharga kirgach, garchi qarama-qarshilik oylab davom etsa ham ukrainalik mudofaachilarda shaharni ushlab qolish imkoniyati qolmaydi.

Ukrainalik muxbirlarning so‘nggi kunlarda e’lon qilgan fotosuratlariga qaraganda Avdiyivkaning hozirgi holati bir yarim yildan buyon o‘qqa tutilayotgan va bombalanayotgan shahar uchun yaxshi saqlanib qolgan. Ukraina QK u yerda hali uzoq jang qilishi mumkin edi.