Kiyevda g‘alabaga hamma ham ishonmayapti. Time jurnali reportyori Saymon Shuster Ukraina prezidenti va uning hammaslaklari bilan suhbatlashgan. Meduza u tayyorlagan matnning asosiy joylarini keltirdi.

«Eng dahshatlisi — dunyoning bir qismi urushga ko‘nikdi»

Time nashri 30 oktyabr kuni e’lon qilgan maqola Volodimir Zelenskiyning o‘zi bilan intervyu va uning komandasi a’zolari, shuningdek Ukraina prezidentiga yaqin anonim manbalar bilan suhbatlarga asoslangan. Matnning asosiy muallifi — mashhur reportyor Saymon Shuster. 2022 yil aprelida u Ukraina prezidenti ofisida ikki oy yashagan va urushning dastlabki oyida Zelenskiy nimalar qilgani haqida maqola yozgan. Bundan tashqari, 2024 yil yanvarida Shusterning urush chog‘idagi Ukraina prezidenti haqidagi kitobi bosmadan chiqishi kerak.

Shusterning yangi maqolasi Zelenskiyning sentabr oyida AQShga tashrifini tasvirlashdan boshlanadi — avvalroq AQSh ommaviy axborot vositalari Ukraina prezidenti bu safar urushning birinchi yilidagiga qaraganda sovuqroq kutib olinganini yozgan edi.

Maqolada aytilishicha, Zelenskiy tashrif chog‘ida chetlangandek va hayajonlangandek ko‘ringan. Uning o‘zi Ukraina ittifoqchilarning yordami bilan Rossiya armiyasini yenga olishiga ularni ishontirishdan charchaganini aytgan. «Hech kim bizning g‘alabamizga mendek ishonmaydi. Hech kim», — degan Zelenskiy tashrifdan so‘ng nashrga bergan intervyusida.

U amerikalik siyosatchilar undan agar Ukraina AQSh yordamidan mosuvo bo‘lsa nima bo‘lishini to‘g‘ridan to‘g‘ri so‘rashganini aytgan. «Biz yutqazamiz», — deya javob bergan ularga Zelenskiy.