AQSH va Ukraina prezidentlari oʻrtasida sirtqi tortishuv davom etmoqda. Donald Tramp endi Volodimir Zelenskiy «urushni tugatishni istamasligi» haqida gapirib chiqdi.

«Yevropa unga saxiylik bilan ajratayotgan katta miqdordagi pullar, shuningdek, bir vaqtlar qoʻli egri [AQSH sobiq prezidenti Jo] Bayden taqdim etgan pullarni hisobga olsak, u urushni tugatishni istamaydi va katta ehtimol bilan hech qachon buni istamagan ham», – deya yozdi Tramp Truth ijtimoiy tarmogʻida.

AQSH prezidenti fikricha, ikki yil muqaddam Zelenskiy «hozirgidan foydaliroq kelishuvga erishishi mumkin edi». «Uning mamlakati vayronaga aylangan, hududlarning katta qismi boy berilgan», – degan Tramp va Ukraina dengiz va okeanlarga chiqish imkoniyatini yoʻqotib, uning erkak jinsli aholisi qisqarib ketgani – koʻpchilik «oʻldirilgani yoki yaralangani»ni qoʻshimcha qilgan.

AQSH moliya vaziri Skott Bessent ham Zelenskiy urush tugashini Ukrainaning gʻalabasiga bogʻlash orqali «yolgʻon dilemma»ni ilgari surayotganini aytdi. «Urushni tugatish muzokaralar orqali maʼlum kelishuvlarga erishishni nazarda tutadi. Prezident Tramp har kuni buning ustida ishlamoqda. U prezidentlik davrining boshidanoq shu ish bilan shugʻullanib kelmoqda», – deya qayd etgan Bessent NBC News telekanaliga bergan intervyusida.

U Qoʻshma Shtatlarni Ukrainada Starlink faoliyatini cheklashda ayblagan Zelenskiyni «ehtiyot boʻlish»ga chaqirib, uning bu boradagi soʻzlari mutlaqo asossiz ekanini taʼkidlagan.

Volodimir Zelenskiy esa Rossiyaga emas, balki Ukrainaga bosim oʻtkazish orqali uni yon berishga majburlashayotganidan shikoyat qildi. «Men hisoblaymanki, Ukrainani taslim boʻlishga undovchi qadamlar tashlandi», – dedi Zelenskiy Bloomberg agentligiga bergan intervyusida.

Men buni hamkorlarimiz oʻz oldiga qoʻygan maqsad demayman. Me amerikalik hamkorlarimiz urushni Ukraina hisobiga ertaroq yakunlash mumkin deb hisoblashi haqida oʻylashni istamayman. Ammo bu shunday koʻrinmoqda.

Zelenskiy AQSH Starlink’ning Ukrainadagi tezligini qasddan pasaytirgani (va bu Ukraina qurolli kuchlari operatsiyalarini xavf ostida qoldirgani), shuningdek, Patriot havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun raketalar yetkazib berishni kechiktirayotganini yana bir bor taʼkidladi.

«Soʻnggi taklifim shunday boʻlgandi: biz Rossiyadagi dizel ishlab chiqarish sanoatiga zarba bermaymiz, siz esa bizga obyektlarimizni himoya qilish uchun Patriot raketalarini berasiz. Ammo ular biz shunchaki dizel yoqilgʻisi ishlab chiqarishga hujum qilishni toʻxtatishimizni xohlashmoqda. Agar biz unga zarba beradigan boʻlsak, ular bizni boshqa narsadan uzib qoʻymoqda», – dedi Zelenskiy.