Ukrainadagi urushning 620-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- Ukrainalik harbiylar Kerchdagi «Zaliv» zavodiga zarba yo‘llanishi oqibatida Rossiya harbiy kemasi shikastlangani haqida xabar berdi. RF mudofaa vazirligi kemasozlik zavodi qanotli raketalar bilan o‘qqa tutilganini tasdiqlagan. Sun’iy yo‘ldosh orqali olingan tasvirlarda zarba kelib tushgan joy va shikastlangan harbiy kema aks etgan.
- Zaporijjya oblastida Rossiya qo‘shini 128-alohida tog‘-shturm brigadasining artilleriyachilarni taqdirlash marosimi uchun to‘planib turgan harbiylari ustiga raketa tashladi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 19 harbiy halok bo‘lgan, yana o‘nlab harbiylar yaralangan.
- The Times of Israel Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Isroilga borishni rejalashtirgani, ammo ma’lumot sizib chiqqani tufayli safar taqdiri savol ostida qolgani haqida xabar berdi.
- Frontda odessalik Yuriy Glodan halok bo‘ldi. 2022 yil aprelida u rafiqasi va qizi Rossiyaning raketa zarbasidan halok bo‘lganidan keyin Ukraina qurolli kuchlari safiga qo‘shilgandi.
- Volodimir Zelenskiy yana bir bor Rossiya bilan urush oldinroq Ukraina QK bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy aytganidek «boshi berk ko‘chaga kirib qolmagani»ni ma’lum qildi.
Xerson oblastida Rossiya vayron qilgan Posad-Pokrovske qishlog‘i
Posad-Pokrovske — Xerson va Mikolayiv oblastlari chegarasida joylashgan qishloq, 2001 yilgi hisob-kitoblarga ko‘ra bu yerda ikki yarim ming atrofida kishi yashagan. Qishloq keng ko‘lamli bosqinning ilk kunlaridayoq rossiyalik harbiylar tomonidan okkupatsiya qilinadi, o‘shanda ularning mobil guruhlari Mikolayivning o‘ziga qadar yetib borgandi. 2022 yil 20 martida Rossiya qo‘shini yoppasiga olib ketilayotgan va Ukraina qurolli kuchlarining qarshi hujumi boshlangan mahalda Posad-Pokrovske ham ozod etiladi, ammo u okkupatsiya vaqtida jiddiy shikastlangan, aholining ko‘p qismi Mikolyiv tomonga ketgandi. CNN jurnalistlari 2022 yil martida qishloqni «yashash uchun yaroqsiz» deb ataydi: o‘shanda, nashr ma’lumotiga ko‘ra, Posad-Pokrovskeda faqat bitta butun bino qolgandi, bu yerda gaz quvuri ham portlatilgandi.
2023 yil martida qishloqqa Volodimir Zelenskiy keladi



























