Jahon | 10:11 / 10.11.2023
4426
3 daqiqa o‘qiladi

Oliy rada Ukrainaning 2024 yilgi budjetini qabul qildi

Harbiy xarajatlar barcha budjet xarajatlarining deyarli yarmini tashkil qiladi va taqchillik tashqi qarzlar hisobidan moliyalashtiriladi.

Foto: Reuters

Ukraina Oliy radasi mamlakatning 2024 yilgi davlat budjetini qabul qildi, uning yarmi mudofaaga sarflanadi, dedi Ukraina bosh vaziri Denis Shmixal 9 noyabr, payshanba kuni.

Hujjatga ko‘ra, kelgusi yil Ukraina budjeti daromadlari 1,76 trillion grivna (46 milliard yevro), xarajatlari 3,35 trillion grivna (87 milliard yevro) bo‘lishi kutilmoqda. Shu tariqa, budjet taqchilligi 1,57 trillion grivnani (41 milliard yevro) tashkil etadi. Hujjatga ko‘ra, Ukrainaning tashqi qarzlari 43 milliard yevroga teng bo‘lishi kerak.

Budjetni hisoblashda Ukraina hukumati yalpi ichki mahsulotning real o‘sishi 4,6 foiz va inflatsiya 9,7 foiz bo‘lishi prognoziga asoslandi.

Budjetning yarmidan ko‘pi mudofaaga mo‘ljallangan

Ukrainada 2024 yilda harbiy ehtiyojlar uchun 1,69 trillion grivna (44 milliard yevro) – mamlakat yalpi ichki mahsulotining 22 foizini ajratish rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga, milliy xavfsizlik va mudofaa sektori uchun mablag‘lar qonun bo‘yicha faqat ichki daromadlar hisobidan qoplanadi: soliqlar, bojxona to‘lovlari, davlat kompaniyalaridan olinadigan dividendlar, xususiylashtirish va qimmatli qog‘ozlarni joylashtirishdan tushadigan mablag‘lar, deya ta’kidladi Oliy rada Budjet qo‘mitasining raisi Roksolana Podlasa.

«Xarajatlarimizning deyarli 50 foizi - Ukraina mudofaasi va xavfsizligi uchun. Bundan ham ko‘proq qurol va jihozlar, ko‘proq uchuvchisiz uchoqlar, o‘q-dorilar, raketalar bo‘ladi. Soliq to‘lovchilarning har bir grivnasi armiyaga ketadi», - dedi bosh vazir Shmixal yangi budjet haqida.

Bundan tashqari, budjet pensiyalarni indeksatsiya qilish va eng kam ish haqini oshirishni o‘z ichiga oladi. Ta’lim va tibbiyotga sarflanadigan xarajatlar 20 milliard grivnadan (51,8 million yevro) oshadi, deb xabar berdi Shmixal. Yana 40 milliard grivna (103 million yevro) biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilgan.

2022 yil fevralida Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy harakatlari boshlanganidan beri Moskva ham, Kiyev ham mudofaa xarajatlarini sezilarli darajada oshirdi. Bundan tashqari, qurol va o‘q-dorilar ishlab chiqarish ko‘paytirildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid