Rossiya esa Ukraina tomon yo‘l olgan xorijiy kemaga halokatli «ogohlantiruvchi o‘q uzish» amalga oshirdi. Rossiya havo hujumlarining davomiyligini bir necha karra uzaytirdi. Rossiyada ishlab chiqarilayotgan Shahed dronlari Eronnikidan ayyorroq chiqib qoldi. Ukraina noma’lum turdagi dronlar bilan Rossiyaning ichkarisiga hujum uyushtirishga muvaffaq bo‘ldi. Yevropaliklar esa yil oxiriga borib Ukrainada urushni davom ettirishdan ma’ni bor-yo‘qligini aniqlashtirib olish kerakligiga shama qilishmoqda.

Germaniyaning Bremen universiteti qoshidagi Sharqiy Yevropani o‘rganish markazi ilmiy xodimi Nikolay Mitroxin Ukraina frontida so‘nggi hafta ichida sodir bo‘lgan voqealarni tahlil qildi.

Ukraina QK Dniproning so‘l qirg‘og‘ida platsdarmni kengaytirmoqda

Frontdagi vaziyat Dnipro yo‘nalishining Krinki qishlog‘i atrofidan boshqa hamma joyda barqarorlashdi. UQK va RF QKning avvalgi «qaynoq» nuqtalardagi alohida hujumlari muvaffaqiyat keltirmagan.

Krinki qishlog‘i atrofida Ukraina QK ilgarilash namoyish etmoqda. Birinchidan, Rossiya manbalariga ko‘ra, UQK alohida zirhli texnikalarga ega brigadalarni so‘l qirg‘oqqa olib o‘ta boshlagan, bu esa hududda platsdarm juda chuqurlashganidan, qo‘shimcha hujum quvvatini ta’minlovchi texnikalardan foydalanish va ularni berkitish mumkinligidan dalolat beradi.

Ikkinchidan, UQK qishloqning markazida muvaffaqiyatga erishib, janubroqdagi daraxtzorlarni egallagan va u yerda yangi tayanch punktlari barpo etgan. Bu esa rossiyaliklarning kelgusidagi qarshi hujumlariga qarshi mustahkam o‘rnashib olish imkonini beradi. Rossiya qo‘mondonligi o‘rta muddatli istiqbolda so‘l sohilda qishda yirik operatsiya o‘tkazish imkonini beruvchi bunday platsdarmlar paydo bo‘lishiga aslo ko‘nmaydi. To‘g‘ri, tan olish kerak, UQKning kelgusi harakatlari hozircha depsinib qoldi, Rossiya harbiylari bu yerda pistirma qo‘yib, birvarakayiga 11 ukrain askarini asirga olishgan.

Asirlar haqida. Ukraina qo‘mondonligi hafta ichida yana bir rossiyalik harbiy asirlar koloniyasi ochilganini e’lon qildi, chunki asirlar soni oshib bormoqda, ularni joylashtirishga esa joy yo‘q – tomonlar o‘rtasida asirlar almashinuvi to‘xtab qolgan. Chindan ham, avval tomonlar har oyda muntazam ravishda o‘nlab, hattoki yuzlab harbiy asirlarni almashib turishgan bo‘lsa, uch oydan buyon bunday almashinuvlar amalga oshmayapti. Bu jarayon to‘xtatilgani sabablari oshkor etilmayapti. Bu «g‘alla bitimi» uzilib qolgani va uning ortidan rus-ukrain kelishuvlarining katta qismi to‘xtab qolgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.