Bugun yurtimizda elektr energetika tarmog‘ini rivojlantirish jarayonlari yangi bosqichga ko‘tarildi, avvallari, yurtimizda elektr energetika tarmog‘ini modernizatsiya qilish, yangi investitsion loyihalarni amalga oshirish ishlari asosan xorijiy kompaniyalar tomonidan amalga oshirilardi. Prezidentimiz boshchiligida sohani liberallashtirish, erkin bozor mexanizmlarini joriy etishga qaratilayotgan sa’y-harakatlar natijasida xorijiy investorlar qatorida, bugun tizimga mahalliy, raqobatbardosh investor kompaniyalar ham kirib kelmoqda. Shu kabi korxonalardan biri “O‘zbekenergota’mir” AJ hisoblanadi.

“O‘zbekenergota’mir” AJ juda kam vaqt ichida jahonga mashhur energetika kompaniyalarining shef-injyenerlarini jalb qilgan holda, o‘quv amaliyotlari, tajriba almashish kurslari natijasida yuqori malakali mahalliy mutaxassislar guruhini shakllantirishga erishdi. Bugun korxona tarkibidagi 2 yarim mingga yaqin texnik mutaxassislar elektr stansiyalarning barqaror faoliyat yuritishiga hissa qo‘shib kelmoqda.

Ma’lumki, avvalgi yillarda kuz-qish mavsumi energetika sohasi uchun murakkab kechardi. Ayrim nuqtalarda ma’nan eskirgan qurilmalar pand bergan bo‘lsa, ayrim joylarda elektr energiyasidan noto‘g‘ri foydalanish, yoqilg‘i-resurslarning yetishmasligi kutilmagan vaziyatlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lardi.

Davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyevning vaziyatni chuqur tahlil qilgan holda 2022 yilning 13 dekabr kuni, Toshkent shahrining Uchtepa tumanida infratuzilma va ijtimoiy soha obektlari faoliyati bilan tanishish jarayonida aholini energo resurslar bilan ta’minlashda aniqlangan muammolardan kelib chiqib bir qator qaror va topshiriqlari qabul qilindi. Bugun ushbu belgilangan chora-tadbirlar sohani rivojlantirishga zamin bo‘lmoqda.

“O‘zbekenergota’mir” AJ ham Prezidentimiz tomonidan qo‘yilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlashda tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda.

Jumladan, joriy kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida belgilangan rejaga asosan korxona tomonidan issiqlik elektr stansiyalaridagi jami 55 ta energoqurilma, jumladan, 14 ta energoblok, 19 ta qozon qurilmasi, 9 ta bug‘-gaz qurilmasi, 1 ta gaz-turbina qurilmasi mukammal, o‘rta va joriy ta’mirlandi.