"Uzbekistan Airports" AJ mamlakat aeroportlari yaqinida atmosfera havosi sifatini avtomatik monitoring qilish tizimini joriy etmoqda.

Maʼlum qilinishicha, Fargʻonada stansiya oʻrnatildi, Samarqandda shunga oʻxshash uskunalarni oʻrnatish va sozlash ishlari yakunlandi. Kelgusida boshqa aeroportlar yaqinida ham stansiyalar oʻrnatish rejalashtirilgan.

Havo holatini kechayu kunduz kuzatishga moʻljallangan uskunalar aeroportlarning sanitariya-himoya zonalari doirasida joylashtiriladi.

Stansiyalar ifloslantiruvchi moddalar, jumladan, azot dioksidi, oltingugurt dioksidi, uglerod oksidi, ozon, ammiak va vodorod sulfid, shuningdek, mayda PM2.5 va PM10 zarrachalarining konsentratsiyasini oʻlchaydi. Bir vaqtning oʻzida tizim havo harorati va namligini, atmosfera bosimini, shamol tezligi va yoʻnalishini qayd etadi.

Oʻlchash natijalari avtomatik tarzda Atrof tabiiy muhit monitoringi tizimining yagona geoaxborot maʼlumotlar bazasiga uzatiladi.