Toshkentda maktab o‘quvchisining tok urib vafot etishi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
8-sinf o‘quvchisining vafoti bo‘yicha Jinoyat kodeksining ikki moddasi bilan tergov ishi ochildi. Maktab vazirligi esa tizimdagi mavjud ta’lim muassasalari transformatorlar soni, ularning xavfsizlik talablari hamda texnik holati bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borishga kirishgan.
Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 99-maktabning 8-sinf o‘quvchisi muassasa hududida tok urishi natijasida vafot etgani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qildi.
Ta’kidlanishicha, Jinoyat kodeksining 186- va 207-moddalari (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish hamda mansabga sovuqqonlik bilan qarash) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergovga kirishilgan.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi esa tizimdagi mavjud ta’lim muassasalari hududida joylashgan elektr taqsimlovchi punkt, transformatorlar soni, balansda saqlovchisi, ularning xavfsizlik talablari hamda texnik holati bo‘yicha o‘rganish ishlarini olib borayotganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, vazirlik hududiy bo‘linmalari va tegishli mahalliy tashkilotlar bilan hamkorlikda elektr taqsimlovchi punktlarning barcha zarur xatlov ishlari tashkil etilgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘quvchi bilan ro‘y bergan bu voqea haqidagi xabarlar 28 noyabr kuni tarqalgandi.
Keyinroq MMTB vakillari bu bo‘yicha rasmiy munosabat bildirib, bola muassasa hovlisidagi sport maydonidan chiqib ketayotganida ahvoli yomonlashib, hushidan ketganini ma’lum qilgandi.
Qolaversa, boshqarma o‘quvchini tok urmagani va mazkur hududda hech qanday elektr toki kabeli uzilgan holat kuzatilmagani hamda maktab stadioni va uning atrofida elektr energiya uzatkichlari borligi aniqlanmaganini yozib o‘tgan. Biroq hozirda xabardan mazkur jumlalar olib tashlab, tahrirlab qo‘yilgandi.
Shundan so‘ng Bosh prokuratura bolani maktabda elektr toki urishi natijasida vafot etganini tasdiqlagan.
Shuningdek, Kun.uz 99-maktabdagi bu holatdan 2 hafta oldin boshqa o‘quvchini ham tok urganidan xabar topgan va agar bu tasdiqlansa, maktab mansabdorlariga nisbatan JKning 207-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi lozimligi haqida yozgandi.
Mavzuga oid
09:10
Toshkentda dorilar savdosi bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar ushlandi
18:38 / 13.11.2024
“Sharoitidan ham, o‘qituvchilaridan ham qo‘rqib ketdim” - Toshkentdagi o‘quv markazidan odamlar norozi
15:05 / 12.11.2024
Toshkent havosini ifloslantirishi mumkin bo‘lgan barcha obektlar nazoratga olindi - hokimlik
22:45 / 10.11.2024