Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Associated Press agentligiga bergan intervyusida Rossiya bilan urush yangi bosqichga o‘tganini aytgan va mamlakat qurolli kuchlari yozgi qarshi hujum paytida kutilgan natijalarga erisha olmaganini tan olgan.

«Bizda urushning yangi bosqichi va bu fakt, — degan Zelenskiy AP muxbiriga Xarkivga safari chog‘ida. — Qish kelishi o‘z o‘zidan — urushning yangi bosqichi».

Agentlikning yozishicha, qish boshlanishi bilan ukrain qo‘mondonligi yangi, lekin tanish bo‘lgan muammolarni kutmoqda: harorat pasayishi, harbiylarga yashirinish uchun umuman joy bo‘lmagan yaydoq dalalar.

Yana ukrain shaharlaridagi energetika infratuzilmalariga Rossiyaning keng ko‘lamli hujumlari tahdidi yuzaga kelgan. Zelenskiy qishda harbiy harakatlar nafaqat front chizig‘ida, balki shaharlar ichkarisida ham olib borilishini ta’kidlagan.

Bu vaqtda esa o‘q-dorilar tugab bormoqda va bu ukrain harbiylarining harbiy amaliyotlarini falajlab qo‘yishi mumkin.

Uzoq kutilgan, G‘arbning o‘nlab milliard dollarlik harbiy yordami yetkazilganidan keyin boshlangan qarshi hujum kutilgan yutuqlarga olib kelmadi, deya eslatadi AP. Endi ukrainalik ayrim mulozimlar kelgusida ham shunday saxiy yordamlar bo‘lmasligidan xavotirlanmoqda.

Qarshi hujum natijalari qanchalik qoniqarli bo‘lgani haqidagi savolga javoban Zelenskiy shunday degan: «Qarang, biz chekinmayapmiz — bu meni qoniqtiradi. Biz dunyoning ikkinchi armiyasiga qarshi jang qilyapmiz, bunisidan ko‘nglim to‘q». Va qo‘shimcha qilgan: «Biz odamlarni yo‘qotyapmiz, bunisi qoniqarli emas. Biz o‘zimiz istagan barcha qurollarni olmadik, albatta qoniqmayman. Lekin ortiqcha shikoyat ham qila olmayman».

«Biz yanada tezroq natijalarga erishishni istagandik. Bu nuqtayi nazardan, afsuski, biz istalgan natijaga erisha olmadik. Va bu fakt», — degan Zelenskiy.

G‘arblik harbiy tahlilchilarga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari yozgi qarshi hujum davomida Azov dengizi sohiliga chiqishni (yoki unga imkon qadar yaqinlashishni), bu orqali Rossiyaning anneksiya qilingan Qrimga quruqlik yo‘lagini to‘sib qo‘yishni hamda Dnipro daryosining so‘l sohilida okkupatsiya qilingan hududlarda turgan Rossiya guruhlarini ta’minotdan uzishni maqsad qilgandi.

Ukraina qurolli kuchlarining asosiy zarbasi Zaporijjya oblastida berildi va strategik jihatdan muhim shahar Tokmakka chiqish rejalashtirildi. Ammo bu yurishning ilk bosqichidayoq ukrain qo‘shini Rossiya mudofaasining yaxshi minalashtirilgan va mustahkamlangan ilk chizig‘iga to‘qnash keldi. Natijada Ukraina QK kichik guruhlar bilan hujumlar uyushtirish taktikasiga o‘tdi va bu hozircha faqat kichik yutuqlar bilan cheklanmoqda.