Hozircha tekshiruvlar Jo Bayden tomonidan biror narsa suiiste’mol qilinganini ko‘rsatmagan. Foto: GETTY IMAGES

Qonunchilarning ovozlari partiyaga mansubligiga qarab bo‘lingan, rezolyutsiya respublikachilar ko‘pchilik ekani tufayli biroz ustunlik bilan qabul qilingan. Unda Jo Bayden poraxo‘rlik, korrupsiya va o‘z «brendi»ni ilgari surish uchun o‘z mansabidan foydalanganlikda ayblanadi.

Vakillar palatasining respublikachilar tomonidan boshqariladigan uchta qo‘mitasi Bayden Barak Obama prezidentligi davrida vitse-prezident lavozimini egallab turganida poraxo‘rlik va korrupsiya bilan shug‘ullanganini iddao qilishmoqda, biroq hanuz birorta dalil-isbot keltira olishmagan. Prezidentga qarshi ayblovlar nafaqat demokratlarning, balki ayrim respublikachilarning ham ensasini qotirmoqda.

Respublikachilar yetakchisi Bayden administratsiyasi surishtiruvga xalaqit berayotganini aytib, ko‘proq dalil topish uchun surishtiruvchilarni kengroq vakolat bilan ta’minlash kerak, degan vaj bilan kongressmenlarning qo‘lloviga ega bo‘lgan.

Oq uy esa, o‘z navbatida, surishtiruvni qoralagan va amaldagi prezidentning qayta saylanishiga xalaqit berish uchun uyushtirilgan «siyosiy tryuk» deb atagan, deb yozadi BBC.

Surishtiruv qanday bosqichda?

Surishtiruvni shu yil sentabr oyida Vakillar palatasining sobiq spikeri Kevin Makkrati o‘rtaga tashlagan. U respublikachilar Bayden atrofidagi «korrupsiya madaniyati»ni fosh qilishganini ta’kidlagan.

Biroq o‘sha oyda bo‘lib o‘tgan dastlabki eshittiruvlarda respublikachi ikki ekspert impichment uchun yetarli dalillar borligidan shubhalanayotganini aytgan.

Shundan so‘ng Vakillar palatasi nazorat qo‘mitasi prezident oilasining bir necha vakillari, jumladan, uning ukasi va o‘g‘liga ko‘rsatma berish uchun sud chaqiruv qog‘ozlari jo‘nata boshlagan.

Chorshanba kuni ertalab Jo Baydenning o‘g‘li Hanter yopiq eshiklar ortida ko‘rsatma berish uchun Kongressga chaqiruv qog‘ozini e’tiborsiz qoldirgan. Jurnalistlarga u faqat omma oldida chiqish qilishini aytib, surishtiruvchi respublikachilarda «uyat ham, vijdon ham yo‘q»ligini ta’kidlagan.