Jahon | 10:41 / 03.01.2024
13987
5 daqiqa o‘qiladi

To‘qayev keyingi saylovlarda ishtirok etish rejalari haqidagi mish-mishlarni rad etdi

To‘qayev 2026 yilda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida yana ishtirok etish rejalari haqidagi mish-mishlarni rad etib chiqdi. 

Foto: Pavel Bednyakov / POOL / TASS

Qozog‘istonning amaldagi konstitutsiyasiga ko‘ra, prezident bitta yetti yillik muddatga saylanishi mumkin, shundan so‘ng uning vakolatlari tugaydi, dedi prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev Egemen Qazaqstan nashriga bergan intervyusida, ehtimoliy qayta saylanish haqidagi savolga javob qaytarib.

To‘qayev konstitutsiyaga o‘zgartirishlar bo‘yicha referendum o‘tkazish rejasi haqidagi mish-mishlarni rad etdi va prezident faqat bir marta saylanishi mumkin bo‘lgan qoida «endi hech qachon o‘zgarmasligini» ta’kidladi. «Men bunga qattiq ishonaman. Konstitutsiyaviy islohot konstitutsiyaga hozirgi ko‘rinishida qo‘shimcha o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutmagan», — dedi davlat rahbari. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, u 15 yil oldin yopiq muhokamalarda bitta yetti yillik muddat g‘oyasi haqida gapirgan, ammo o‘shanda bu taklif «qo‘llab-quvvatlanmagan». «2019 yilda prezident etib saylanganimdan keyin mamlakatimiz siyosiy tizimni demokratlashtirish, jamiyat hayoti erkinligini ta’minlash va iqtisodiyotni monopoliyadan ozod qilish yo‘lida harakat qildi», — dedi To‘qayev. 

Shu bilan birga, davlat rahbari «yangi yo‘nalishimiz ba’zi nufuzli shaxslarga umuman yoqmadi», dedi. «Ular bu o‘zgarishni mamlakatdagi chuqur ildiz otgan tizim va kuch tuzilmasidagi o‘zlarining «maxsus maqomi»ga tahdid sifatida qabul qildi. Bunday odamlar yashirincha, ba’zan esa ochiqchasiga mamlakatdagi o‘zgarishlarni rad etishni boshladi. Oxir-oqibat, ular o‘zlariga qulay bo‘lgan eski holatga qaytish uchun islohotni bekor qilishga va hamma narsani yo‘qqa chiqarishga urindi», — dedi prezident 2022 yil yanvaridagi qurolli tartibsizliklarni nazarda tutib. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘p yillik hal etilmagan ijtimoiy-iqtisodiy muammolar hamda davlat va jamiyat degradatsiyasiga o‘tgan umumiy turg‘unlik Qozog‘istonda ommaviy tartibsizliklar va davlat to‘ntarishiga urinishlarga olib keldi. 

To‘qayev 1991 yildan buyon Qozog‘iston prezidenti bo‘lgan va bu lavozimni 25 yildan ortiq egallab turgan Nursulton Nazarboyevning vorisi hisoblanadi. 2019 yil mart oyida Nazarboyev iste’foga chiqdi. O‘sha paytda Senat raisi bo‘lgan To‘qayev davlat rahbari v.b.ga aylandi. 2019 yil yozida u Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozondi. 

2022 yil sentabr oyida u konstitutsiyaga o‘zgartirishlar qabul qilingandan so‘ng muddatidan oldin ovoz berish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Asosiy qonun yangi tahririga ko‘ra, vakolat muddati besh yildan yetti yilgacha oshirildi, qayta saylanish taqiqlandi. 2022 yilning noyabrida To‘qayev yana qayta saylandi. 

To‘qayev 31 dekabr kungi murojaatida yangi, 2024 yilda «qonun va tartib diktaturasi»ni o‘rnatish bo‘yicha keng qamrovli chora-tadbirlar ko‘rishiga va’da berdi. «Yangi yilda ham davlatchiligimizni mustahkamlash, xalq farovonligini yuksaltirishga qaratilgan tizimli islohotlarni davom ettiramiz. Jamiyatda qonun va tartib diktaturasini o‘rnatish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ko‘ramiz», — dedi davlat rahbari. 

Uning ta’kidlashicha, 2023 yilda qonun ustuvorligini ta’minlash siyosati doirasida mamlakatda «bu yo‘nalishda aniq chora-tadbirlar» amalga oshirildi. Xususan, rasmiylar «noqonuniy yo‘l bilan orttirilgan iqtisodiy aktivlarni qaytarish bo‘yicha» ishlarni davom ettirmoqda. G‘aznaga qaytarilgan mablag‘lar «allaqachon xalq manfaati uchun, masalan, maktablar qurilishiga sarflanmoqda», dedi To‘qayev. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2023 yil Qozog‘iston uchun «ta’sirli muvaffaqiyatlar, yorqin daqiqalar va muhim voqealar» bilan esda qoldi. Umuman olganda, mamlakat iqtisodiyoti 4,9 foizga o‘sdi, dedi prezident. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid