O‘zbekiston | 07:22 / 06.01.2024
3300
3 daqiqa o‘qiladi

Sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish jadallashtiriladi

Prezidentning «Sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirishni jadallashtirish hamda ilg‘or raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Sog‘liqni saqlash sohasini raqamlashtirish va axborot tizimlari yagona kompleksini joriy etish, boshqaruv jarayonidagi ortiqcha tartib-taomillarni qisqartirish va ish samaradorligini oshirish uchun IT-Med davlat muassasasi tugatilmoqda va uning vazifalari «Davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator – UZINFOSOM MChJ zimmasiga yuklatilmoqda

Unga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklanmoqda:

  • sog‘liqni saqlash tizimida biznes- jarayonlarini maqbullashtirish va soddalashtirish;
  • «Elektron sog‘liqni saqlash» axborot tizimlarining yagona kompleksini joriy etish va qo‘llab-quvvatlash, shuningdek ularning boshqa davlat organlarining axborot tizimlari bilan integratsiyasini ta’minlash;
  • tibbiyot va farmatsevtika sohasida raqamli texnologiyalar va kommunikatsiyalar siyosati va standartlarini joriy etish va boshqalar. 

Hujjat bilan Raqamli sog‘liqni saqlash milliy tizimini samarali tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangan. Joriy loyihalar bo‘yicha huquq va majburiyatlar to‘liq yagona integratorga o‘tkaziladi. «Sog‘liqni saqlashni raqamlashtirish islohotlarini qo‘llab-quvvatlash platformasi» KfW banki ko‘magida Yagona integrator operator hisoblanadi va yaratish, joriy qilish, texnik qo‘llab-quvvatlash va axborot xavfsizligi uchun javobgar sanaladi. 

Respublikaning barcha tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlari, shu jumladan dorixonalar majburiy tartibda bosqichma-bosqich Raqamli sog‘liqni saqlash platformasiga ulanadi. 2025 yil 1 yanvardan boshlab platformada qayd etilgan har bir sug‘urta ishi bilan bog‘liq ma’lumotlarni ishlash va qayta ishlash uchun Yagona integratorga Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasidan davlat tibbiyot muassasalariga to‘lanadigan mablag‘larning 0,3 foizi miqdorida komissiya to‘lovi ajratiladi.

Shu bilan bir qatorda, hujjatga muvofiq:

  • Yagona integratorga – Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkining rezidenti maqomini saqlab qolgan holda, istisno tariqasida, davlat tibbiyot muassasalari ehtiyojlari uchun apparat va dasturiy komplekslarni, axborot tizimlarini, muhandislik infratuzilmasini, shuningdek ushbu maqsadlar uchun uskunalar, butlovchi qismlar, texnologik hujjatlar va dasturiy ta’minotni yetkazib berish uchun;  
  • Sog‘liqni saqlash vazirligi va davlat tibbiyot muassasalariga – loyiha va texnik hujjatlarni tayyorlash, dasturiy-apparat komplekslarini, avtomatlashtirilgan axborot tizimlarini ishlab chiqish, shuningdek ushbu maqsadlar uchun uskunalarni yetkazib berish bo‘yicha Yagona integrator bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish va 100 foiz oldindan to‘lovni amalga oshirish huquqi beriladi. 

Mavzuga oid