O‘zbekiston | 11:06 / 10.01.2024
11859
14 daqiqa o‘qiladi

“Yapon tadbirkorlari O‘zbekiston haqida deyarli bilishmaydi” - Yaponiya elchisi bilan suhbat

2024 yilda Markaziy Osiyo davlatlari va Yaponiya o‘rtasida 5+1 sammitini o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Sammit O‘zbekistonda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilyapti. Kun.uz bu anjumanning maqsadlari va O‘zbekiston–Yaponiya aloqalari holati borasidagi savollar bilan Yaponiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Takashi Hatoriga murojaat qildi.

O‘zbekistonga kelganingizga oz vaqt bo‘lgan bo‘lsa-da, mamlakat haqidagi ilk taassurotlaringiz haqida gapirib bersangiz.

— O‘zbekistonga elchi sifatida tayinlanganimdan keyin, Yaponiyada O‘zbekiston haqida bilgan turli odamlar bilan ko‘rishib, ma’lumot yig‘a boshladim. Mamlakatingizda bo‘lgan va hamkorlik qilgan tanishlarimdan O‘zbekistonni qanchalik yaxshi ko‘rishlari, bu haqiqatan ham go‘zal mamlakat, bu xalq samimiy va mehmondo‘st ekani haqida ko‘p eshitdim. Ochig‘ini aytaman, kelishimdan oldin biroz xavotir va hayajonda edim, lekin kelganimda bu xavotirni parchalab yuborgan ajoyib insonlar bilan tanishdim va O‘zbekistondagi missiyam juda ijobiy taassurotlar bilan boshlandi.

O‘zbek xalqining ijobiy jihatlaridan tashqari, mamlakatingiz jadallik bilan rivojlanayotgan va serharakat mamlakat ekanini, aholisining katta qismi yoshlardan iboratligi va bu yoshlar orqali yurtni yanada rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligini his qildim.

Agar taassurotlar mavzusini davom etadigan bo‘lsam, ko‘p yaponiyaliklar bilan gaplashar ekanman, O‘zbekistonni tilga olishganda Pokiston yoki Afg‘oniston kabi "iston" bilan tugaydigan mamlakatlar bilan adashtiradi... Yaponlar O‘zbekiston deganda nimalarni bilishadi?

— Yaponiyada O‘zbekiston haqida biladiganlar va uni yaxshi ko‘radiganlar bor, albatta, ammo ularning soni ko‘p emas. O‘zbekiston qaysi hududda joylashganini yaponlar bilishi mumkin, lekin bu hududda boshqa mamlakatlar ham mavjudligi uchun, ularning qaysi biri O‘zbekiston ekani va uning ajralib turuvchi jihati haqida ko‘p narsa ma’lum emas.

Yaponiyada Ipak yo‘li haqidagi mavzularda ko‘pgina teledasturlar mavjud, O‘zbekiston ham tilga olinadi. Ammo u qanday davlat ekani, zamonaviyligi, iqtisodiy salohiyati, qanday odimlayotgani, rivojlanish salohiyati haqida yaponlar yanada ko‘proq bilishi kerak. Bir so‘z bilan aytganda, hozirgi O‘zbekistonni ko‘proq targ‘ib qilish zarurati bor.

Yaponiya va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasidagi munosabatlar rivojlanmoqda: moliyaviy grantlar, imtiyozli kreditlar liniyasidagi hamkorlik ancha yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Lekin Yaponiya va O‘zbekistonning kichik va o‘rta biznesi o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari rivojlanmagan. Ma’lumotlar o‘zaro almashinuvining sustligidan bo‘lsa kerak.

— Ha, to‘g‘ri. Yaponiya haqida eshitmagan o‘zbekni topish mushkul bo‘lsa kerak. Ayniqsa, “Oshin” seriali yoki Navoiy teatri qurilishida yapon askarlari ishtirok etganini mamlakatingizda yosh-u qari biladi. Lekin bularning barchasi eski hikoyalar. Zamonaviy Yaponiya haqida o‘zbek xalqi orasida ma’lumotlar yetarli emas. Uning hozirgi iqtisodiy, siyosiy ahvoli, muammolari va imkoniyatlari haqidagi informatsiya cheklangan. Ikki mamlakat o‘rtasidagi biznes muhitini yaxshilash va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun bugungi Yaponiya haqida ko‘proq ma’lumot zarur.

O‘zbekistonda biznes yuritish yaxshi g‘oya ekanini biladigan va buni boshlagan bir qancha yapon kompaniyalari bor, ammo O‘zbekiston bozoriga sarmoyasi bilan kirib tadbirkorlik qilmoqchi bo‘lgan, lekin bunga ikkilanayotgan, qaror qabul qila olmayotgan yapon kompaniyalari soni O‘zbekistonga kirgan kompaniyalarning sonidan anchayin ko‘p. Shuning uchun Yaponiyadagilar O‘zbekiston iqtisodiy holati haqida ko‘proq ma’lumot olishlari kerak.

Menimcha, o‘zbek kompaniyalari yapon kompaniyalarining biznes uslubi, etikasining o‘ziga xosligi, boshqachaligi haqida ham bilishmaydi. Biznes munosabatlarni to‘g‘ri tashkil qilish, madaniy va korporativ muloqotni rivojlantirishda ham oqsayapmiz. O‘zbekiston va Yaponiya hukumatlari ikki mamlakat orasidagi axborot yetishmasligi borasidagi bo‘shliqni to‘ldirishi va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi bu yo‘nalishdagi hamkorlikni rivojlantirish uchun nima qilishi kerak deb o‘ylaysiz? Taklifingiz bormi?

— Ha, Yaponiya va O‘zbekistonda hamkorlik qilishi mumkin bo‘lgan ko‘p imkoniyat nuqtalari, ko‘p sohalar borki, ularni ishga sola bilsakkina manfaatlar yuzaga keladi. Shuning uchun Yaponiya va O‘zbekiston iqtisodiyotini muhokama qilish bo‘yicha o‘tkazilayotgan tadbirlar orqali O‘zbekistonga qanday sarmoya kiritish mumkinligi, Yaponiya tarafida bu yo‘nalishdagi kompaniyalarni aniqlab jalb qilishni tashkillashtirish kerak. Elchi sifatida men bunday ma’lumotlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish uchun imkoniyatlar yaratishga harakat qilaman.

Yaponiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Takashi Hatori

Yangi elchining O‘zbekistondagi missiyasi davomida hamkorlikning eng istiqbolli yangi yo‘nalishlari qaysilar? Bizga uchta eng muhim yo‘nalish haqida gapirib bera olasizmi?

— Albatta, yangilik kiritish niyatimiz bor, lekin birinchi navbatda, biz hozirgacha olib borilayotgan hamkorlik siyosatini davom ettiramiz va rivojlantiramiz. Shu vaqtgacha Yaponiya hukumati rasmiy yordam dasturi bo‘yicha O‘zbekistonga elektr stansiyalari, avtomobil yo‘llari va temiryo‘llar kabi infratuzilmani rivojlantirish, shuningdek, inson resurslarini rivojlantirish, tibbiy xizmat va qishloq xo‘jaligi kabi sohalarni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Shuningdek, madaniyat, ilm-fan, o‘zaro tajriba almashish, universitetlar o‘rtasida almashinuv, turizmni rivojlantirish va boshqa ko‘plab loyihalar mavjud. Hammasini bir vaqtning o‘zida qamrab olish mushkul, albatta.

Ikkinchidan, so‘nggi paytlarda O‘zbekiston hukumati tomonidan xususiy yapon kompaniyalarini O‘zbekistonga sarmoyalari bilan jalb qilishimiz so‘ralyapti. Ba’zan iqtisodiyot bilan bog‘liq bo‘lmagan sohalarda ham. Bu maqsadga erishishda O‘zbekiston hukumati uchun yapon kompaniyalari tomonidan sarmoya kiritishda qulay muhit yaratish muhim, shuning uchun men yapon kompaniyalarining so‘rovlarini yetkazishni va O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlikda sarmoyalarni ko‘paytirish yo‘llarini topishni istardim.

Uchinchidan, Yaponiya hozirda demografik inqiroz tufayli ishchi kuchi tanqisligini boshdan kechirmoqda. O‘zbekistonda yoshlar ko‘p. O‘ylaymanki, bu yoshlar Yaponiyada ishlasa yaxshi bo‘lardi. Buning uchun ularga yapon tilini o‘rgatish kerak. Ikki mamlakat hukumati mehnat munosabatlari sohasida yoshlarning Yaponiyada ishlab, tajriba orttirishlari uchun ularga zaruriy muhit berishimiz kerak.

Endigina rivojlanayotgan mamlakatlarda inson resurslarini rivojlantirish, bu orqali ularning moddiy hayotini yaxshilashga e’tibor qilinishi muhim hisoblanadi. Sizning bu haqdagi fikrlaringiz menga 25-30 yil oldingi Koreya va O‘zbekistonning mehnat munosabatlari tarixini yodimga tushirdi. 1995-yillardan boshlab Koreya va O‘zbekiston ham inson resurslari sohasida o‘zaro hamkorlik qila boshladi. Hozirda Janubiy Koreyada ishlayotgan yoki o‘z tajribasini O‘zbekistonga olib kelayotgan 100 mingga yaqin O‘zbekiston fuqarolari mavjud bo‘lib, ular orqali Janubiy Koreyada O‘zbekiston haqida ma’lumotlar almashish imkoniyati paydo bo‘ldi, O‘zbekistonga Koreya tadbirkorlari, kompaniyalari tomonidan sarmoyalar kirib kela boshladi. Tovar almashinuvi o‘sdi. Koreya O‘zbekistonning asosiy iqtisodiy va strategik sherigiga aylandi. Koreya tajribasi, ish uslubi O‘zbekistonga kirib keldi. Bir vaqtlar oddiy ishchi bo‘lib ketgan migrantlar hozirda o‘zlari yirik tadbirkorga aylanishga ulgurdi. Shu nuqtai nazardan, Yaponiya mazkur tajribadan foydalanishi, xususan inson resurslarini yo‘naltirish va o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini rivojlantirish uchun ushbu modeldan foydalanishi muhim bo‘lsa kerak.

— Biz Janubiy Koreya bilan uzoq vaqtdan beri aloqadamiz, Janubiy Koreya va Yaponiya juda o‘xshash. Men Koreyada ko‘p marta ishlaganman va Koreya bo‘yicha mutaxassisman va o‘ylaymanki, Yaponiya kompaniyalari Koreyaning so‘nggi 20 yildagi tajribasidan ko‘p narsani o‘rganishlari kerak. Shuningdek, O‘zbekiston xalqiga ko‘rsatayotgan qo‘llab-quvvatlash va hamkorlik uchun ularga o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman.

Umid qilamanki, O‘zbekistondan odamlar Yaponiyaga nafaqat ishlab maosh olish uchun, balki yapon jamiyati qanday turmush kechirishi, kompaniyalar qanday ishlashi va Yaponiya iqtisodiyoti qanday ekanini o‘rganish uchun ham kelishadi va bir kun kelib O‘zbekistonga qaytib, taraqqiyotga hissa qo‘shadilar. Bu yerda Yaponiyada tajriba orttirganlar ko‘p bo‘lsa, yapon kompaniyalari ulardan yordam olishlari mumkin. Bu ham ishonchni oshiradi.

Bu savolni o‘zbek tadbirkorlari nomidan bermoqchiman. Yaponiya kompaniyalari bilan biznes qilish va aloqalar o‘rnatish uchun eng muhimi nima?

— Yaponlar bilan munosabatlarni o‘rnatishda biroz diqqatli va ziyrak bo‘lish, masalan, va’da va kelishuvlarni bajarish kerak. Yaponlar vaqtga nisbatan biroz talabchan, aynan shunga e’tiborli bo‘lish muhim.

Yapon kompaniyalarini O‘zbekiston kompaniyalari yoki tadbirkorlar bilan qanday aloqa o‘rnatishlari kerak degan murakkab savolga to‘xtaladigan bo‘lsak, hozirgi kunda IT sohasi va quritilgan mevalar, mebelsozlik kabi ma’lum sohalarda tanish-bilishlar orqali yaxshi aloqada bo‘lganlar ham bor. O‘zbekistonga sarmoya kiritmoqchi bo‘lganlar, O‘zbekistonda yapon kompaniyalari bilan ishlashni xohlaydiganlar o‘ylaganimizdan ko‘ra ko‘p. Hozirda ularni qayerda va qanday birlashtirishni bilish, ular uchun platforma yaratib berish masalasini hal qilish kerak.

Hozircha menda aniq bir fikr yo‘q, lekin men bu masalani O‘zbekiston va Yaponiya kompaniyalari bilan muhokama qilib, qaysi yo‘lni tanlashimizni, ikki tomonni moslashtirishni birgalikda o‘ylab ko‘rishimiz kerak.

Kelasi yili Markaziy Osiyo – Yaponiya sammiti bo‘lib o‘tadi deb eshitdim. Mazkur sammit Markaziy Osiyo taraqqiyoti uchun qanday ta’siri borligini bilmoqchiman.

— Siz hozir tilga olgan sammit Markaziy Osiyoning beshta davlati va Yaponiya o‘rtasida muntazam bo‘lib turadi. Bu – mamlakat vazirlari va hukumat rahbarlari turli hamkorlik masalalarini muhokama qilish uchun yig‘iladigan katta tadbir.

Markaziy Osiyo global loyihalar uchun dunyoning markazida. Shuning uchun bu mintaqani barqarorlashtirish nafaqat dunyo, balki Yaponiya uchun ham muhim. Shu sababli, besh davlat va Yaponiya turli mavzularni muhokama qilib, bu mintaqadagi muammolarni birgalikda o‘ylab, hatto Yaponiya Markaziy Osiyo rivojlanishiga qanday yordam berishi mumkinligi haqida ham kelishib olinadi. Bunda biz Yaponiyani mintaqaga yordam beradigan ishonchli hamkor sifatida ko‘rsata olamiz deb o‘ylayman.

Markaziy Osiyo – Yaponiya doirasida tashqi ishlar vazirlarining eng so‘nggi uchrashuvi 2022 yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan. 2024 yilda, sana hali aniqlanmagan bo‘lsa-da, biz besh davlat rahbarlari va Yaponiya bosh vazirini bir platformaga yig‘ib, mazkur sammitni yuqori darajada amalga oshirishni reja qilganmiz. Ushbu tadbirni o‘tkazish orqali biz har bir davlat rahbarlari va Yaponiya bosh vaziri o‘rtasida ham uchrashuv o‘tkazamiz, buning ichida eng muhimi Yaponiya bosh vaziri janob Kishida va O‘zbekiston rahbari janob Mirziyoyev bilan bundan buyon qanday yangi yo‘nalishlarda hamkorlik qilish kerakligi haqida yuqori darajadagi kelishuvga erishiladi, deb o‘ylayman.

Jumladan, tadbir doirasida yapon kompaniyalari o‘zlarining loyihalarini taklif qilishib, kelishuvga erishilsa, har ikki hukumat rahbarlarining mazkur loyihalarni amaliy qo‘llab-quvvatlashlariga erishilishi mumkin. Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish uchun har ikki tomon ham o‘zlari kelishib olgan kelishuvlarni amalga oshirishga qat’iy amal qilsalar, yuqori manfaatli bo‘ladi deb hisoblayman.

Elchi sifatida yana qaysi sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishish kerak deb o‘ylaysiz?

— O‘zbekiston Yaponiya sarmoyasini oshirish istagida. Davlat rahbari Yaponiyadan keladigan sarmoyani yanada ko‘paytirish uchun O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilishi kerak bo‘lgan zaruriy instruksiyalarni beradi deb o‘ylayman. Shuningdek, inson resurslarini rivojlantirishdagi hamkorlik, jumladan o‘zbek yoshlarining Yaponiyada mehnat faoliyatini amalga oshirishiga yordam berish. Bu yo‘nalishda hozirda harakatlar boshlangan va biz bu yo‘nalishdagi loyihalarni juda dolzarb deb hisoblaymiz, shuning uchun ikki davlat hukumati tomonidan qo‘llab-quvvatlansa, bu yo‘nalishda ham o‘zaro manfaatli hamkorlik kelishuvlariga erishish mumkin.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid