Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov hamda Yaponiyaning Sukuba universiteti prezidenti Kyosuke Nagata O‘zbekiston–Yaponiya qo‘shma universitetini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik kelishuvini imzoladi.
Kelishuvga muvofiq, yangi universitet zamonaviy texnik va boshqaruv kompetensiyalariga ega yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi ta’lim, ilmiy hamda madaniy hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, mamlakat oliy ta’lim tizimini xalqaro akademik hamjamiyatga yanada integratsiya qilishga xizmat qiladi.

Ta’sischilar O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Sukuba universiteti muvofiqlashtiradigan Yaponiya universitetlari konsorsiumi bo‘ladi. Sukuba universiteti akademik va ta’lim jarayonlari hamda konsorsium faoliyatini muvofiqlashtiruvchi tashkilot sifatida ishtirok etadi.
Dastlab universitetda sun’iy intellekt va raqamli transformatsiya hamda biznes boshqaruvi yo‘nalishlari bo‘yicha magistratura dasturlari yo‘lga qo‘yiladi. Keyingi bosqichlarda doktorantura va bakalavriat dasturlarini ochish rejalashtirilgan. Ta’lim jarayoni ingliz tilida olib borilib, Yaponiya oliy ta’limi modeli asosida tashkil etiladi. Shuningdek, talabalar uchun Yaponiyada qisqa muddatli ta’lim dasturlari hamda yapon tili va madaniyatiga oid kurslar tashkil etiladi.

O‘zbekiston tomoni universitetning kampusi, zamonaviy o‘quv va ilmiy infratuzilmasi, professor-o‘qituvchilar hamda ma’muriy xodimlar faoliyatini moliyalashtirishni ta’minlaydi. Sukuba universiteti esa o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, Yaponiya universitetlari konsorsiumi faoliyatini muvofiqlashtirish, professor-o‘qituvchilarni jalb etish va akademik almashinuv dasturlarini tashkil etishda ko‘maklashadi.

Rejaga ko‘ra, 2026 yil sentyabr oyidan Toshkent shahrida tayyorgarlik ofisi ish boshlaydi. Magistratura dasturlariga ilk qabul 2028/2029-o‘quv yilidan boshlab amalga oshirilishi rejalashtirilgan.












