Sport | 17:56 / 13.01.2024
15790
9 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Osiyo kubogi-2023dagi yurishini boshlamoqda. Ektor Kuper boshqaruvidagi Suriya qanchalik xavfli?

Bugun, 13 yanvar kuni O‘zbekiston milliy jamoasi Osiyo kubogi tarixidagi 8-yurishini boshlaydi. Srechko Katanets shogirdlari 1-turda milliy jamoamizning sobiq ustozi Ektor Kuper qo‘l ostidagi Suriyaga qarshi saf tortadi.

Foto: O‘FA

Turnirga kim qanday yetib keldi?

O‘zbekistondan farqli o‘laroq, Suriya JCh-2022 ikkinchi saralash bosqichi «A» guruhida Xitoy, Filippin, Maldiv va Guam bilan bir guruhdan o‘rin olib, 8 o‘yinda 21 ochko to‘plagan holda Osiyo kubogi-2023ga kvartet peshqadami sifatida yo‘llanmani qo‘lga kiritgandi.

Vadim Abramov murabbiyligidagi jamoamiz esa JCh-2022 va Osiyo kubogi-2023 qo‘shma saralash bosqich «D» guruhida 15 ochko bilan 2-o‘rinni egallab, 3-saralash bosqichi orqali turnirga yo‘llanma olishi mumkinligi oydinlashgandi. 2022 yil Namanganda o‘tkazilgan «C» guruhida Tailand (2:0), Maldiv (4:0) va Shri-Lankadan (3:0) ustun kelgan Srechko Katanets shogirdlari Osiyo kubogi-2023ga yo‘llanmani qo‘lga kiritishgan.

Foto: Tribuna.uz

Tarkibdagi yo‘qotishlar va Suriya taklif qilgan «legionerlar»

Qit’a birinchiligi startidan uch hafta oldin O‘zbekiston milliy jamoasi tarkibida jiddiy yo‘qotish ro‘y berdi. «Oq bo‘rilar» yetakchisi Eldor Shomurodov «Kalyari» safida oyog‘ining kaft suyaklarini sindirib, 1,5 oyga safdan chiqqani ma’lum bo‘ldi. Musobaqa boshlanishidan bir hafta oldin esa jamoamizning asosiy himoyachilaridan biri Husniddin Aliqulov jarohat sababli turnirni o‘tkazib yuboradigan bo‘ldi.

Caption

Suriyaliklar tarkibida ham yo‘qotish kuzatildi. Jamoaning ko‘p yillik yetakchisi Omar As-Soma dekabr oyida «Al-Ahli» safida jarohat olib, turnirni o‘tkazib yuborishi ma’lum bo‘ldi. Qolaversa, suriyalik 34 yoshli hujumchining Ektor Kuper bilan munosabati ham yomonligi sababli uning turnirga borishi so‘roq ostida edi.

Ektor Kuper qo‘l ostidagi jamoada Suriya fuqaroligi berilib, mahalliylashtirilgan o‘yinchilar talaygina. Xususan, argentinalik murabbiy turnirda hamyurti Ezikel Hem, Jalil Ellias, Ibrohim Hesar, perulik Pablo Sabbag, shvetsiyalik Elmar Abraham, Antonio Yakub, Ayham Ussu singari o‘yinchilar xizmatidan foydalana oladi.

Suriyaning Osiyo kubogi uchun tarkibi:

Darvozabonlar: Ibrohim Olma («Tishrin»), Toha Musa («Al Fotuva»), Ahmad Madaniya («Jable»), Maksim Sarraf (TsSKA);

Himoyachilar: Ayham Ussu («Heken» Shvetsiya), Moayad Ajan («Al Jaish»), Omar Midani («An Nasr», Quvayt), Amro Jyeniat («Al Karama»), Tayer Kruma («Al Fotuva»), Holid Kurdagli («Al Vihdat»), Muayad Al Xuli («Al Jaish»), Abdul Rohman Vays («Afina Kallifeya», Gretsiya);

Yarimhimoyachilar: Ezikel Hem («Independente Rivadaviya», Argentina), Kamel Xmeyshe («Al Ahli», Qatar), Muhammad Al Hallaj («Al Ahad», Livan), Ammar Ramazon («Dunayska Streda», Serbiya), Muhammad Anez («Al Riffa», Baxrayn), Elmar Abraham («Skyovde AIK», Shvetsiya), Fahd Yusuf («Ash Shorta», Iroq), Jalil Elias («San Lorenso», Argentina), Ibrohim Hesar («Belgrano», Argentina);

Hujumchilar: Omar Harbin («Al Vahda», BAA), Alaa Al Dali («Naft Missan»), Pablo Sabbag («Aliansa Lima», Peru), Antonio Yoqub («Gefle», Shvetsiya), Mahmud Al Asvad («Al Karama»).

O‘zaro o‘yinlarda tenglik

Milliy jamoamiz 2016 yildan 2020 yilgacha Suriyaga qarshi 5ta marta maydonga tushgan bo‘lib, bahslarda tenglik kuzatilgan: 2tadan g‘alaba va 1 durang.

Jamoalarning o‘zaro so‘nggi o‘yinlari:

2016 yil. O‘zbekiston – Suriya – 1:0

2017 yil. Suriya – O‘zbekiston – 1:0

2018 yil. O‘zbekiston – Suriya – 1:1

2019 yil. O‘zbekiston – Suriya – 2:0

2020 yil. O‘zbekiston – Suriya – 0:1.

Foto: Tribuna.uz

Jamoalar qanday holatda: O‘zbekistonda mag‘lubiyatsiz seriya, Suriyada esa...

O‘zbekiston AQShga qarshi o‘rtoqlik o‘yinidagi mag‘lubiyatdan (0:3) keyin 7 o‘yin o‘tkazib, 5 g‘alaba va 2 durang qayd etdi. Meksika (3:3) va Eron (2:2) bilan durang qayd etilgan bo‘lsa, qolgan bahslar Katanets shogirdlarining ustunligi bilan tugagan.

Suriya esa so‘nggi 5ta o‘yinida faqat Shimoliy Koreyani mag‘lub eta oldi, Yaponiya va Kuvaytga yutqazib, Malayziya va Qirg‘iziston bilan durang qayd etdi.

O‘zbekiston milliy jamoasining so‘nggi 5 o‘yini:

16 oktyabr. Xitoy – O‘zbekiston – 1:2

16 noyabr. Turkmaniston – O‘zbekiston – 1:3

21 noyabr. O‘zbekiston – Eron – 2:2

25 dekabr. O‘zbekiston – Qirg‘iziston – 4:1

7 yanvar. O‘zbekiston – Falastin 1:0

Suriya milliy jamoasining so‘nggi 5 o‘yini:

17 oktyabr. Suriya – Kuvayt – 1:2

16 noyabr. Suriya – Shimoliy Koreya – 1:0

21 noyabr. Suriya – Yaponiya – 0:5

5 yanvar. Suriya – Qirg‘iziston – 1:1

8 yanvar. Suriya – Malayziya – 2:2.

Transfer bahosi: O‘zbekiston tarkibi Suriyadan qimmatroq

Transfermarkt portaliga ko‘ra, O‘zbekiston milliy jamoasining umumiy bahosi 25,5 mln yevroni tashkil etmoqda. Bungacha Eldor Shomurodov tarkibda bo‘lganida bu narx 30 mln yevrodan kam emasdi. Shunga qaramay, Srechko Katanets qo‘l ostidagi jamoaning transfer bahosi Suriyadan yuqori. Raqiblarimizning bu boradagi narxi 16,5 mln yevroni tashkil etmoqda.

O‘zbekistonning eng qimmatbaho o‘yinchisi Abbosbek Fayzullayev (4 mln yevro) bo‘lsa, raqiblar safida «Al-Vahda» forvardi Omar Xarbinning bahosi biroz qimmatroq – 4,5 million yevro.

O‘zbekiston milliy jamoasining eng qimmatbaho 5 o‘yinchisi:

1. Abbosbek Fayzullayev, yarimhimoyachi – 4 mln yevro

2. Otabek Shukurov, yarimhimoyachi – 2,5 mln yevro

3. Jaloliddin Masharipov, yarimhimoyachi – 1,5 mln yevro

4. Abduqodir Husanov, himoyachi – 1,5 mln yevro

5. Igor Sergeyev, hujumchi – 1,2 mln yevro.

Suriya milliy jamoasining eng qimmatbaho 5 o‘yinchisi:

1. Omar Xarbin, hujumchi – 4,5 mln yevro

2. Jalil Elias, himoyachi – 3 mln yevro

3. Ayham Ussu, yarimhimoyachi – 2 mln yevro

4. Pablo Sabbax, hujumchi – 1 mln yevro

5. Ezikel Xam, himoyachi – 700 ming yevro.

Suriya haqida ma’lumot va faktlar:

Suriya Futbol Assotsiatsiyasi 1936 yilda tashkil etilgan. 1937 yildan buyon FIFAga a’zo. 1970 yildan esa OFKga a’zo.

Bosh murabbiy – Ektor Kuper.

Sardor – Ibrohim Alma.

Laqabi – «Kasiyun burgutlari». Uy stadioni – «Abbasiyin Stedium» (Damashq) – 30000 o‘rin.

Libosi ranglari – qizil futbolka, qizil shorti, qizil getra.

FIFA reytingida – 91-o‘rin (2023 yil, dekabr).

FIFA reytingida eng yuqori o‘rin – 68 (2018 yil, iyul). FIFA reytingida eng quyi o‘rin – 152 (2014 yil, sentabr).

Dastlabki o‘yin: Livan – Suriya – 1:2 (1942 yil).

Eng yirik g‘alaba: Suriya – Ummon – 13:0 (1965 yil).

Eng yirik mag‘lubiyat: Gretsiya – Suriya – 8:0 (1949 yil), Misr – Suriya – 8:0 (1951).

Erishgan yutuqlari: Arab Kubogi finalchisi – 1963, 1966, 1988. O‘rtayer dengizi o‘yinlari g‘olibi-1987.

Eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan: Mohir As-Said (109 o‘yin).

Eng ko‘p gol urgan: Firas Al-Xatib (36 gol).

Anons. Osiyo kubogi-2023. 1-tur

V guruhi. 13 yanvar (shanba)

O‘zbekiston – Suriya

Stadion: «Jassim bin Hamad», Doha.

O‘yin boshlanish vaqti: 22:30

TV-translatsiya: Sport.

Usmon Ibodov

Mavzuga oid