O‘zbekistondagi taniqli faollar juma kuni aholi va hukumatning e’tiborini og‘irlashib borayotgan ekologik muammolarga qaratish maqsadida Toshkent shahri markazida #TozaHavoKerak fleshmobini o‘tkazishdi.

Aksiyada ekobloger Mo‘tabar Xushvaqtova (O‘rikguli), reper Konsta, stendapchi Mirshakar Fayzullayev, blogerlar Umid Gafurov, Mirzayor Erkinov, Sarvinoz Tolibayeva, A’zam Qahramoniy, Sa’dulla Abdullayev va boshqalar qatnashgan.

Mirzayor Erkinov telegram-kanalida fleshmobdan maqsad ko‘proq o‘zbekistonliklar ekologiya bilan bog‘liq holatga befarq bo‘lmasligi, kurashishiga chorlov ekanini ta’kidlagan.

Mirzayor Erkinov

«So‘nggi yillarda yurtimiz hududida nafas olish yo‘llari bilan bog‘liq kasalliklar ko‘paygani sayin daraxtlar kesilishi, turar joylar tinimsiz qurilishi, avtomobillar ham haddan ziyod ko‘payib ketgani sezilyapti, suvning qadriga yetilmayotgani va eng yomoni — turli zaharli gaz, chang, tutunlar chiqaradigan zavod-fabrikalarning to‘porilarcha ishlashi ham aholi salomatligida o‘zining izini ko‘rsatyapti.

Fleshmobdan maqsadimiz ko‘proq o‘zbekistonliklar ekologiya bilan bog‘liq holatga befarq bo‘lmasligi, kurashishiga chorlov. Bugun Vatan himoyachilari kuni, uning musaffo osmonini va odamlarini qurol emas, tabiatga nisbatan munosabat bilan ham himoya qilsa bo‘ladi. Har bir o‘zbekistonlik o‘zi uchunmas, atrofidagilar uchun ham mas’ulligi darajasini oshirishi kerak.

Undan kutayotgan maqsadimiz — hukumatning mas’ul bo‘g‘inlari ekologiya masalasini kun tartibida ushlab turishi, qat’iy-qat’iy choralar ko‘rishi, daraxtlar kesilishiga shunchaki jarima bilan javob bermasligi, qurilishlarni kamaytirishi va tabiatni asrashda jiddiyroq qonunlar qabul qilishi», degan u.

Ekofaol Mo‘tabar Xushvaqtova

Ekofaol Mo‘tabar Xushvaqtova aksiya O‘zbekistondagi havo bilan bog‘liq ekologik muammolarga odamlar va hukumat e’tiborini qaratishga bag‘ishlanganini aytadi.

«Muammo bir marta ko‘tarilgani uchun „bir martalik“ yechim qilinib, oxirigacha tizimli yechim bo‘lmasligidan juda qo‘rqyapman. Aksiya butun e’tiborni shu muammoga qaratish uchun o‘tkazilgan.