Tadbirkorlar reytingi joriy qilinyapti. Bundan maqsad nima?

– Reyting oldin jazolovchi bo‘lgan bo‘lsa, endi rag‘batlantiruvchi bo‘lyapti. Yuqori reytingga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlari rag‘batlantiriladi. Quyi reytingdagilarga chora ko‘rish, tekshirish ko‘zda tutilmagan.

Qaror bilan belgilanyaptiki, agar tadbirkor A reyting oladigan bo‘lsa, soliq idoralari tomonidan unga tekshirishlar o‘tkazilmaydi. QQSdan hosil bo‘lgan soliq summasi bir kunda qaytarib beriladi – amaldagi muddat esa 7 kundan 30 kungacha. QQSdan boshqa soliq turlari bor, ulardan hosil bo‘lgan ortiqcha soliqlarni ham bir kunda qaytarib berish ko‘zda tutilyapti. Bu ham amalda 10 kundan 15 kungacha bo‘lgan muddatni talab qiladi.

Yana bir rag‘batlantirish – soliq va bojxona organlarida tovarlarni import qilishda vaqtida to‘langan soliqlarni hisobga olish tizimi joriy qilinyapti. Amalda bu faqat yirik soliq to‘lovchilar uchun amal qiladi. Endi reytingi yuqori bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlariga ham tatbiq etiladi. Reytingning asosiy maqsadi tadbirkorlarni ixtiyoriy ravishda qonunchilikda belgilangan me’yorlardan kelib chiqib qo‘shimcha, hech qanday majburiyatlar yuklamagan holda o‘zlari bajarishi kerak bo‘lgan majburiyatlarni vaqtida bajarishga undashdir. Bunda ortiqcha hech qanday majburiyatlar yuklanmaydi.

– Reytingda yuqori ballga ega bo‘lish uchun nimalar qilish kerak?

– Mezonlarimiz 23 ta etib belgilangan va ular 3 ga bo‘lingan. Birinchisi – hamma uchun bir xil bo‘lgan mezonlar. Bunda 10 ta mezon ko‘zda tutilgan, shuning o‘zida tadbirkor 100 ball oladigan bo‘lsa, boshqa mezonlar unga ta’sir qilmaydi.

Keyingi mezonlar kamaytiruvchi mezonlar hisoblanadi. Qonunchilik talablari buzilgan holatlar yoki hisobotlarga qayta-qayta tuzatish kiritib taqdim etgan holatlar, bir hududdan boshqa hududga ko‘chish yil davomida ko‘payib ketsa, kamaytiruvchi mezonlar ishlaydi. 

Kamaytiruvchi mezonlar umumiy belgilangan mezonlarni kamaytirib bersa, qo‘shimcha rag‘batlantiruvchi ballar bor. Bular – ijtimoiy reyestr, ayollar daftariga kirgan fuqarolarni ishga olsa va ular umumiy xodimlarning 10 foizidan ko‘proqni tashkil qilsa, qo‘shimcha 5-10 ball beriladi. Bunda ham tadbirkorga hech qanday majburiyat tug‘ilmaydi.

Umumiy ballar 10 ta mezon asosida baholanadi. Tadbirkor faoliyatini qancha ko‘p   davom ettirsa, bu mezon uchun 10 ball beriladi. Xuddi shunday soliq hisobotlarini belgilangan muddatda taqdim etsa yana 10 ball beriladi. Agar kechiktirsa, ball ololmay qolishi mumkin. Soliq to‘lovlarini ham belgilangan muddatdan kechiktirmay vaqtida to‘lab borsa, 10 balli tizimda ball olishlari mumkin. To‘lanmagan summani soliq organlari majburiy tartibda undiradigan bo‘lsa, ball yig‘olmaydi va qo‘shimcha ball chegiraladi. Shuning uchun vaqtida va ixtiyoriy to‘lab borsa, shuncha yuqori ball olishlari mumkin bo‘ladi.