Savdo bu – bir tovardan ikkinchisini hosil qilish texnologiyasidir. O‘zbekistonliklar o‘zlari samarali bo‘lgan soha, masalan pomidor ishlab chiqarish orqali uni chet elda sotyapti va tushgan valuta evaziga masalan xorijda ishlab chiqarilgan televizor sotib olyapti. Ya’ni xalqaro savdo orqali pomidor televizorga aylantirilyapti, deya tushuntiradi iqtisodchi Behzod Hoshimov.

O‘zbekistonga avtomobil yo‘llari orqali kirib kelayotgan fuqarolar bojxona to‘lovlari to‘lamasdan olib kirishi mumkin bo‘lgan tovarlarning maksimal qiymati 300 dollardan 100 dollargacha kamaytirilishi mumkin.

Kun.uz muxbiri ayni paytda ko‘rib chiqilayotgan bu o‘zgarishning iqtisodiy ta’siri qanday bo‘lishi borasida iqtisodchi Behzod Hoshimov bilan suhbatlashdi.

“Savdo yo‘llaridan uzoqda joylashganimiz yetmagandek, o‘zimiz savdoga sun’iy to‘siqlarni ham o‘ylab topganmiz”

— Savdoga to‘siqlar va savdo siyosatidagi masalalar – meni doim tashvishga solib keladigan masalalardan biri. Buning sababi, O‘zbekiston dunyoda unikal davlatlardan biri: ko‘p logistik nuqtalardan uzoqda joylashgan, ya’ni geografik joylashuv jihatdan biz artarkik mamlakatmiz. Ikkinchidan, shu geografik jihatdan savdo yo‘llaridan uzoqda joylashganimizga qaramay, uning ustiga o‘zimiz savdoga sun’iy cheklov va to‘siqlarni o‘ylab topganmiz. Bu – bojxona bojlari, notarif to‘siqlar, hujjatlar bilan bog‘liq cheklovlar.

Shu sabablarga ko‘ra O‘zbekistonda ko‘p narsalar qo‘shni mamlakatlar va boshqa davlatlardan qimmatroq, bu – kiyim-kechak bo‘ladimi, elektronika, uy jihozlari, qurilish materiallari bo‘ladimi, ro‘yxatni uzoq davom ettirsak bo‘ladi. Shu sababli o‘zbekistonliklar chetga chiqsa, chet eldan tovarlarni o‘zlari bilan olib kelishadi. Yoki biror boshqa maqsad bilan xorijga chiqqanda ham, o‘zlari bilan narsa olib kelishadi. O‘zbekistonning Qozog‘iston yoki Qirg‘iziston bilan chegaradosh shaharlariga borsangiz, chegaraning yonida bir qancha chakana va ulgurji bozorlar bor. Ularning asosiy maqsadi – o‘zbekistonliklarga tovarlarni sotish, chunki chegaradan o‘tishingiz bilan narx tushadi. O‘zbekistonda bojlar baland va ularni rasman olib kirsangiz, qimmatga tushadi.

Oldinlari, 2011 yillarda Dubaydan O‘zbekistonga kelardim, har bir reysda yuk tushiradigan joyda har ikkinchi yo‘lovchida televizor bo‘lardi. Chunki O‘zbekistonda televizor nihoyatda qimmat edi. Men televizorsiz kelsam, turgan odamlar “sizda televizor yo‘q ekan, menikini o‘zingizning nomingizga olib o‘ta olasizmi?” deb so‘rashardi.