«Avdiyivka atrofida yuzaga kelgan operativ vaziyatdan kelib çiqqan holda, qurşovga tuşib qolişdan qoçiş hamda harbiy xizmatçilarning hayoti va soğligini saqlaş maqsadida bölinmalarimizni şahardan olib çiqişga va nisbatan qulayroq bölgan mudofaa marralariga ötiş böyiça qaror qabul qilindi», — deyilgan Sirskiyning feysbukdagi xabarida.

«Tavriya» guruhi qömondoni Oleksandr Tarnavskiy «şaxsiy tarkib allaqaçon olib çiqilgani» va ukrainalik harbiylar «belgilangan marralarda mudofaani egallagani» haqida ma’lum qilgan.

Rossiya qöşini 2022 yil fevralida keng kölamli bosqin boşlanganidan buyon Avdiyivkani egallaş uçun bir neça bor harakat qilib körgandi. 2023 yil oktyabrida esa şahar tomon keng kölamli yuriş boşlangandi.

Rossiya hukumatiga yaqin bölgan manbalar xabar qilişiça, Kremldan uşbu şaharni qanday qilib bölmasin mart oyidagi prezidentlik saylovlariga qadar egallaş böyiça topşiriq kelgan, bu orqali qayta saylaniş arafasida Vladimir Putinning Ukrainaga qarşi uruşda muvaffaqiyat qozonayotganini namoyiş etiş közlangan.

Ukraina mudofaa kuçlari uzoq vaqt davomida mudofaani uşlab turişdi, yanvar oyi oxirida esa ekspertlar vaziyat kritik körinişga kelgani va garnizonni olib ketiş zarurligini ayta boşlaşdi, ammo bu röy bermadi.

Avdiyivka – qariyb 10 yil muqaddam, 2014 yil bahorida Rossiya qöşini qöllovida rusparast ayirmaçilar tomonidan egallangan Donetsk yaqinidagi kiçik sanoat şahridir.

Ötgan yillar davomida Avdiyivka ukrain qöşini nazoratida qolgandi, bu yerda kuçli mudofaa istehkomlari barpo etilgandi. Tomonlarning tutaşuv çiziğiga juda yaqin joylaşganiga qaramay, keng kölamli uruşga qadar uşbu şahar rivojlanişga va iqtisodiy jihatdan ösişga erişgandi.

Rossiyaning 2022 yil fevralidagi bosqini esa barçasini özgartirdi. Mahalliy zavod faoliyati töxtatildi, aholining katta qismi har kungi vayronkor bombalaşlardan qoçiş uçun şaharni tark etdi.

Rossiya armiyasi kuçli mudofaa çiziqlarini bir hamlada yengib ötişning imkoni yöqligini tuşungaç, şaharni aviatsiya zarbalari va piyodalar şturmlari bilan vayron qiliş taktikasiga ötdi.

Bugungi kunga kelib şahardan köp narsa qolmagan: intensiv bombardimon qiliş va harbiy harakatlar tufayli şahardagi deyarli barça binolar tamomila vayron bölgan yoki jiddiy şikastlangan.