DW xabariga koʻra, Rossiya Mudofaa vazirligi 21-oktabr kuni Kaliningrad viloyatida Su-30 halokatga uchraganini maʼlum qilgan. Vazirlik samolyot rejali oʻquv-mashgʻulot parvozini bajarayotgani, bortida oʻq-dori boʻlmagani va odamlar yashamaydigan hududga qulab tushganini bildirgan.
Rasmiy maʼlumotda uchuvchilar katapulta orqali chiqishga ulgurgani va evakuatsiya qilingani aytilgan. Ularning hayotiga xavf yoʻq.
Keyinroq urush tarafdori boʻlgan rossiyalik bloger Kirill Fyodorov Telegram kanalida Su-30 suratini eʼlon qilib, bir kunda ikkita samolyot yoʻqotilganiga ishora qilgan.
Rossiya Havo-kosmik kuchlari bilan bogʻliq Fighterbomber va «Voyevoda veshchayet» kanallari ham ikkinchi qiruvchi halokatga uchraganini anglatuvchi xabarlar tarqatgan. Fighterbomber «Kulfat yolgʻiz kelmaydi», deb yozgan, biroq tafsilotlarni keltirmagan. «Voyevoda veshchayet» esa kunni Havo-kosmik kuchlari uchun «nihoyatda ogʻir» deb atagan.
Blogerlar maʼlumotiga koʻra, ikkinchi samolyot ekipaji halok boʻlgan. Biroq xabar eʼlon qilingan paytda Rossiya Mudofaa vazirligi bu hodisa yuzasidan bayonot bermagan. Samolyotning qayerda va qanday sharoitda yoʻqotilgani ham ochiqlanmagan.
Ukrainaning «Mіlіtarniy» portali gap Su-30SM modifikatsiyasi haqida ketayotgan boʻlishi mumkinligini taxmin qilgan. Bu maʼlumot ham rasman tasdiqlanmagan.
Kaliningrad viloyatida Su-30 bilan bogʻliq halokat avval ham yuz bergan. 2023-yil avgustda oʻquv parvozini bajarayotgan shu turdagi qiruvchi qulab, ekipaji halok boʻlgan edi.
DW Rossiya harbiy aviatsiyasining boshqa jangovar harakatlarga bogʻliq boʻlmagan yoʻqotishlarini ham eslatgan. Jumladan, Rossiya Mudofaa vazirligi maʼlumotiga koʻra, 29-sentabrda Amur viloyatida oʻquv parvozi vaqtida Tu-95 strategik bombardimonchisi halokatga uchrab, olti nafar ekipaj aʼzosi halok boʻlgan, bir kishi jarohatlangan.
Shuningdek, 1-aprelga oʻtar kechasi vazirlik Rossiya anneksiya qilgan Qrimda An-26 harbiy-transport samolyoti qulaganini tan olgan. Oʻsha hodisada olti nafar ekipaj aʼzosi va 23 yoʻlovchi halok boʻlgan.

















