Davlat xavfsizlik xizmati maʼlumotiga koʻra, Bojxona qoʻmitasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda Buxoro shahrida faoliyat yuritgan narkolaboratoriya fosh etilgan.
Jondor tumanida yashovchi 27 va 29 yoshli ikki fuqaro internet narkodoʻkonida «omborchi» va «kimyogar» vazifalarini bajargani aytilmoqda. Ular viloyat markazidagi koʻp qavatli uylardan birining xonadonida sintetik giyohvandlik vositalarini tayyorlash va sotishni yoʻlga qoʻyganlikda gumonlanmoqda.
Xonadon xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, u yerdan 6 kilogramm 650 gramm «spays», SIM-kartalar, respiratorlar, qoʻlqoplar, zip-paketlar, elektron tarozi va koʻp miqdorda tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Tezkor tadbir davomida Kogon tumanidagi xufiyona joylar ham tekshirilgan. U yerlardan gumonlanuvchilar kichik qismlarga boʻlib yashirgani aytilayotgan yana 4 kilogramm 200 gramm «spays» topilib, protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 273 va 276¹-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Gumonlanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllangan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

















