15:49 / 04.04.2024
21765

1 ovozga 50 ming pul, 15 taga qo‘zichoq, mingtasiga mashina – bu galgi “Tashabbusli budjet” qanday o‘tdi?

4 aprel, payshanba kuni “Tashabbusli budjet”ning 2024 yil birinchi mavsumi uchun ovoz berish tugaydi. Bu galgi ovoz berishda bir kishida faqat bir ovoz imkoni bo‘lgani sabab ovozlar uchun takliflar narxi ham qimmatroq bo‘ldi.

13 martdan boshlangan birinchi mavsum “Ochiq budjet” portaliga joylashtirilgan loyihalarga ovoz berish 20 kundan ko‘proq davom etdi. Bu galgi ovoz berish qat’iyroq “Bir fuqaro – bir ovoz” ko‘rinishida amalga oshirildi. Bunda fuqaroning bir nechta aloqa operatorlaridan 3-4 ta sim-kartasi bo‘lsa ham, aloqa operatoridan qat’i nazar, har qanday holatda faqat bitta ovozi “Ochiq budjet”da qayd etildi.

Har galgidan ko‘ra raqobatbardosh o‘tgan bu mavsumda ham o‘qituvchilar, hamshiralar ovoz to‘plashda ishtirok etdi, metro, avtobus bekatlari, umuman odam gavjum joylarda ovoz to‘plash uchun turli takliflar berildi.

Ovoz yig‘ish uchun nimalar taklif qilindi?

Avvalgi mavsumlarda trendda bo‘lgan yog‘ taklifi o‘z o‘rnini rang-barang mahsulotlarga almashtirdi. Ulardan eng qiziqlarini jamladik.

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatida mingta ovoz uchun Nexia – 1 avtomobili va’da qilingan video tarqaldi. “Mashina “Open budjet”ga qo‘yilyapti. Javob” degan fuqaro videoda.

15 ta ovoz uchun esa bitta qo‘zichoq va’da qilingan.

 

Andijonda bitta ovozga bitta yog‘, bitta 5 litr idishda suyuq sovun, xohlagan odamga pul berilgan.

Tarmoqlardagi yana bir videoda 10 ta ovozga qo‘zichoq, 50 ta ovozga buzoqcha, 100 ta ovozga toychoq va’da qilingan.

“Bitta ovoz 50 ming so‘mga chiqdi”

Feysbuk ijtimoiy tarmog‘ida fikr bildirgan respondentlar ovozlar narxi dedlayn yaqinlashgani sari qimmatlaganini kuzatishganini aytdi:

  • “Milliy universitet oldida bir ovozga 50 ming so‘m berishyapti. Bitta ovozga bitta quloqchin, yog‘ kabilar ham berilyapti”.
  • “Bu yil faqat bitta ovoz berolarkansiz. Bolamni maktabiga ovoz berdim. O‘tgan yili 8 ta sim-karta olib ovoz berib, 8 litr yog‘ olgandim. Bir qozon qilib dog‘lab 2 oy ishlatganman”.
  • “Men 40 ming so‘mga Qashqadaryoning tumanlaridan biridagi mahallaga ovoz berdim. Ovozlar narxi 15 ming so‘mdan 50 ming so‘mgacha oshganini kuzatdim. Poliklinikada ishlaydigan jiyanimizga yordam bo‘lsin deb ham ovoz berdik. Rahbari eng ko‘p ovoz to‘plagan xodimiga mukofot va’da qilibdi”.
  • “20 ta ovozga qizchalar uchun tilla zirak deb baqirishayotganini eshitdim”.
  • “Hozirgina bitta ovozga bir idish tuxum berishayotganiga guvoh bo‘ldim”.
  • “Ovoz bergan pulimga bir kg lazer guruch olgandim. Arzonroq payti ovoz beribman”.
  • “Qizimning maktabiga tekinga ovoz berdim”.

“Open budjet” o‘zbekning to‘yiday bo‘ldi

Tarmoqlardagi videolardan birida Ishtixon tumanidagi mahallalardan birida ovoz yig‘ishda ishtirok etgan fuqarolar uchun iftorlik dasturxoni yozilganini ko‘rish mumkin.

“Anchadan buyon gaplashmagan qarindoshing-tanishing telefon qiladi yoki yozadi. Bir xursand bo‘lib gaplashib boshlasang, unda jonsaraklik — tezroq ovozingni olsa. “Open budjet” o‘zbekning to‘yiday bo‘ldi. Xesh-aqrabolar bir-birini daraklab, aloqalarni jonlantiryapti”, deb yozdi X tarmog‘i foydalanuvchilaridan biri.

“Open budjet” orqali odamlar parlamentning ishini qilmoqdalar, ya’ni budjet taqsimotida qatnashmoqdalar.

Balki bu hozircha umumiy budjetning kichik qismidir, majburiy mehnat va boshqa texnik muammolar ham bordir – bular borib-borib bartaraf etiladi. Odamlar faolligi esa qoladi.

“Open budjet” orqali odamlar hukumatga ham, parlamentga ham o‘ta muhim message yubormoqdalar: "bizning poliklinikada, qishloqda, maktabda u-bu narsa yo‘q, pul kerak". Agar “Open budjet” bo‘lmasa hukumat ham parlament ham bilmas edi, kimdir ijtimoiy tarmoqda yozmaguncha”, deb yozdi iqtisodchi Botir Qobilov. 

Top