Seul bu yildan boşlab Kiyevga 2,3 milliard AQŞ dollari miqdorida örta va uzoq muddatli yordam paketini taqdim etadi, şuningdek, NATOning Ukrainaga yordam körsatiş trast jamğarmasi orqali yarador ukrainalik askarlarni reabilitatsiya qiliş uçun 12 million dollar taklif qiladi. Janubiy Koreyaning «Ryonxap» axborot agentligi 5 aprel kuni keçqurun xabar berişiça, bu haqda bir kun avval Bryusselda Hind-Tinç okeani mintaqasi böyiça NATO hamkor-davlatlari vakillari iştirokida bölib ötgan uçraşuvda mamlakat taşqi işlar vaziri Ço Txe Yul ma’lum qilgan.
Uşbu uçraşuvning yana bir mavzusi Rossiya va Şimoliy Koreya örtasidagi davom etayotgan harbiy hamkorlik böldi, deb xabar qildi Janubiy Koreya TIV matbuot xizmati.
Ço sözlariga köra, «Şimoliy Koreyaning Rossiyani qurol bilan qöllab-quvvatlaşi nafaqat Yevropa, balki Koreya yarimoroli va Hind-Tinç okeani mintaqasi xavfsizligiga ham ta’sir qiladi», deb yozadi «Ryonxap». Agentlik tomonidan keltirilgan Janubiy Koreya diplomatiyasi rahbari sözlariga köra, Moskvaning Pxenyanga harbiy texnologiyalar va qayta işlangan neft yetkazib berişi global yadroviy qurollarni tarqatmaslik rejimiga tahdid solmoqda.
BMTda RFning KXDRga qarşi sanksiyalarga veto qöygani tanqid qilindi
Jumladan, Ço Rossiya mart oyi oxirida Şimoliy Koreyaga yadroviy va raketa dasturlari bilan boğliq bölgan BMT sanksiya monitoringi guruhi mandatini uzaytirişga veto qöyganini tanqid qildi. Janubiy Koreya vaziri bu qadamni «jinoyatçini qölga olişning oldini oliş maqsadida kuzatuv kamerasini yöq qiliş» bilan qiyoslaydi, deyiladi Seuldagi TIV matbuot xizmati xabarida.
Mart oyi oxirida Janubiy Koreya va AQŞ BMT sanksiyalarini buzuvçi holat - KXDRga neft yetkazib berişni tösib qöyiş imkoniyatlarini muhokama qilayotgani va bu maqsadda yangi işçi guruh tuzilgani ma’lum böldi. «Neft Şimoliy Koreyaning yadroviy va raketa işlab çiqarişi va harbiy qudrati uçun muhim manbadir», - deya ta’kidlanadi Janubiy Koreya TIVning uşbu mavzu böyiça bayonotida. Seul va Vaşington Rossiya neftining KXDRga yetkazilişi ehtimolidan xavotirda.













