Ğazoda Isroil bosqini davom etayotganiga yarim yil töldi. Ötgan vaqt davomida 33 mingdan ortiq falastinlik halok böldi, BMT bir neça bor Isroil harakatlariga qarşi rezolyutsiyalar qabul qildi, Xalqaro jinoyat sudida ham bu masala körildi. Biroq uruş haligaça tugamadi. Kun.uz siyosiy tahlilçilar Kamoliddin Rabbimov va Farhod Karimov bilan Ğazo atrofidagi sönggi yangiliklar yuzasidan suhbatlaşdi.

— Bayden Isroilga harbiy yordamni çeklaş bilan tahdid qilişi ortidan gumanitar yölak oçilişi aytildi. AQŞning Isroilga nisbatan sabri qaysi çegaragaça?

Farhod Karimov: — Bu Bayden va Netanyahuning birinçi suhbati emas, oldin ham bölgan, AQŞ davlat kotibi [Entoni Blinken] Isroilga kelganida bu masalani kötargan. Yaqin Şarq, Ğazo böyiça boşidan bölgan kelişuvlar bor, menimça, Netanyahu AQŞning rejalaridan çiqib ketyapti. Lekin AQŞ qöllovni töxtata olmaydi, boşidan kelişilgan strategiya bu.

AQŞning Isroilni qöllaşi içki beqarorlikni ham keltirib çiqaryapti, saylov ham yaqin. Saylovda Bayden uçun eng katta bosimlardan biri – hukumatning Isroilga nisbatan munosabati. Tramp ham ayni şu nuqtalardan foydalanib, öz statusini kötarib olyapti.

Yana bir tomondan dunyo va Yevropa hamjamiyati fikri, pozitsiyasi özgaryapti. Isroil harakatlari genotsid körinişiga qarab ketyapti. BMT va şunga öxşaş xalqaro institutlarning qarorlari oldin ham sust edi, hozir esa umuman bajarilmayapti. Bu narsa xalqaro taşkilotlarning boşqa davlatlarga nisbatan ta’sirini ham tuşirib yuboryapti, Afrika va Janubiy Amerikada oldin Isroil talablarni bajarsin, keyin biz qilamiz, degan çiqişlar paydo bölyapti. Mana şunday içki va taşqi bosimlar AQŞ Isroilga bölgan munosabatini özgartirişiga sabab bölyapti, lekin bu konseptual, strategik özgariş bölmaydi.

Kamoliddin Rabbimov: — AQŞning Isroilga şakllangan munosabatida aniq kontekst bor. Ötgan bir haftada AQŞni ğazablantirgan 2 ta yirik voqea böldi: birinçisi, Isroil Eronning Suriyadagi konsulligiga hujum qildi, ikkinçisi, Ğazoda xalqaro gumanitar taşkilotga hujum qilingan va taşkilotning yevropalik, kanadalik va avstraliyalik faollari öldirilgan. Taşkilot rahbari bu ataylab qilingan hujum bölgani, bunday xato bölişi mumkin emasligi, guruh qayerda bölişi haqida aniq ma’lumot berilganini aytdi.

Isroilning insoniyatga qarşi jinoyati AQŞga ham oğirlik qilyapti. Natijada Vaşington Isroilga signal berdi. Bayden va Netanyahu suhbatida Isroilga ultimatum qöyilgan. Isroil AQŞning Yaqin Şarqdagi birinçi ittifoqçisi, unga signallar berilgan, lekin Netanyahu qabul qilmadi. Ultimatum detallariga e’tibor beriş kerak. Bir neça oydan beri AQŞ Senatida Ukraina, Isroil va Tayvan uçun 100 mlrd dollar miqdoridagi yordam paketi muhokama qilinyapti, şundan 14 mlrd dollar Isroilga ajratilişi közda tutilgan. Endi AQŞ siyosatçilari bu yordamni ikkiga bölib, Ukrainanikini ma’qullab, Isroilga yordamni töxtatiş haqida gapiryapti. Ikkinçidan, Ğarbiy sohildagi yahudiy aholi manzillariga nisbatan sanksiyalar joriy qiliş orqali Netanyahuga signal berilyapti.