2021 yil qish. Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi keng ko‘lamli urushgacha hali bir yil bor. Ammo Chasiv Yar allaqachon harbiylar bilan to‘lgandi.

Bu yerda, sovetlar davrida qurilgan besh qavatli uylar va sanoat korxonalaridan iborat aholi zich yashaydigan hududdan uzoqroqda Birlashgan kuchlar operatsiyasi (avval Aksilterror operatsiyalar - ATO) shtabi joylashgan.

Bu esa Donbassdagi oddiy shaharchani kuchli istehkomga, Ukraina armiyasi «qal’asi»ga aylantiradi.

Endi, 2024 yil bahorida, Rossiya qo‘shinlari Chasiv Yarga juda yaqin kelib, uni aviazarbalar bilan yakson etmoqda.

Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiyning ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya rahbariyati ushbu shaharni o‘zi uchun muqaddas sana hisoblangan 9 may — G‘alaba kuniga qadar egallash vazifasini qo‘ygan.

Tepalikdagi shahar

Chasiv Yar tepalikda joylashgan, bu mudofaada ham, hujum qilishda ham ustunlik beradi. Foto: Reuters

Agar o‘tmishdagi qo‘mondonlardan kimdir Donbass dashtlarida qal’a qurishni istab qolganida buning uchun Chasiv Yardan yaxshiroq joyni topa olmasdi.

Bu atrofdagi yuzlab kilometrlik radiusdagi eng baland nuqtadir. Shahar joylashgan tepaliklar uni janub va sharqdan himoyalab turadigan mudofaa devorlari vazifasini bajaradi.

Bu yerdagi eng baland nuqta - 247 metr. Masalan, qo‘shni Konstantinovka, Drujkovka, Slovyansk va Kramatorsk kabi shaharlarning eng baland joylari 100 metrdan 125 metrgacha boradi.

Rossiya 2014 yilda Donetskni okkupatsiya qilganidan keyin bu shaharlar aglomeratsiyasi amalda Donetsk oblastining Ukraina nazoratida qolgan qismi uchun ma’muriy markazga aylandi. Bu yerda sanoat korxonalari rivojlandi, temiryo‘llarni ham o‘z ichiga oladigan transport tuguni barpo bo‘ldi.

Chasiv Yar Konstantinovka (7 km g‘arbda) va Kramatorskka (25 km shimoli-g‘arbda) yaqinligi tufayli uni ushbu aglomeratsiyaning «darvozasi» deyish mumkin.

Keng ko‘lamli urush boshlangunicha bu yerda 13 ming atrofida aholi yashagan, ammo 2024 yil aprel oyi o‘rtalariga kelib shaharda 700 nafarga yaqin kishi qolgan, deb ma’lum qilgan BBC Ukraina xizmati bilan suhbatda shahar rahbari Sergey Chaus. Shundan 80-85 foizi — keksa yoshli kishilar, ular evakuatsiyadan bosh tortishgan.