Ishga qaytgan prezident, sudyalar kengashining OAV va blogerlarga murojaati, Toshkentga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnov ochayotgan Qatar Airways, Nurobodda bir yilga yetmay buzilgan yo‘l — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishing.
Uy pulini o‘zlashtirganlar qidiruvga berildi
Yangi qurilayotgan xonadonlar uchun to‘langan pullarni o‘zlashtirganlikda gumonlanayotgan ikki shaxs qidiruvga berildi. Uylar ruxsatnomalarsiz qurilgan. Qurilish kompaniyasi rahbari ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.
Ma’lum bo‘lishicha, 47 yoshli shaxs Max-House-Group MChJni tashkil qilib, o‘zining 42 va 35 yoshli sheriklari bilan birga bir nechta fuqarolarga nisbatan firibgarlik sodir etgan.
Jumladan, MChJ nomidan Uchtepa va Chilonzor tumanlarida qurilayotgan ko‘p qavatli uylardagi xonadonlarni sotishini ma’lum qilib, fuqarolardan xonadonlar uchun to‘lovlarni qabul qilib olgan. Ammo ushbu ko‘p qavatli uylar qurilishi uchun hech bir mutasaddi tashkilotlardan ruxsat olinmagan va uy qurishga kerakli biron-bir hujjatlarga ega bo‘lmagan. Ular kadastr hujjatlari yo‘q bo‘lgan xonadonlarni fuqarolarga sotishini bildirib, aldov yo‘li bilan juda ko‘p miqdordagi pullarni o‘zlashtirib olgan.
Kun raqami
360,6 ming tonna — O‘zbekistonda 2024 yilning yanvar-mart oylarida shuncha miqdorda avtomobil benzini ishlab chiqarilgani Statistika agentligi tomonidan ma’lum qilindi.
Sudyalar oliy kengashining murojaati
O‘zbekiston Sudyalar oliy kengashi xonanda Sherali Jo‘rayevning otalik faktini belgilashga oid da’vosi bo‘yicha davom etayotgan fuqarolik nizosida tomonlarni turli xil bayonotlar berishdan tiyilishga chaqirdi. Kengash, shuningdek, OAVni sud ishiga doir axborot tarqatishda mas’uliyatli bo‘lishga da’vat qildi.
Oilaviy nizo sudlashish darajasiga yetib, protsessual jarayonlar davom etayotgan bir paytda taraflar (yoki ularning vakillari) tomonidan ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlari keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.






