Eron xalqiga ta’ziyanoma
Özbekiston Respublikasi prezidenti Şavkat Mirziyoyev Eron şimolida yuz bergan fojia oqibatida Eron Islom Respublikasi prezidenti Ibrohim Raisiy va unga hamrohlik qilgan şaxslarning vafot etgani munosabati bilan uşbu mamlakat oliy diniy rahbari oyatulloh Ali Xominaiyga hamdardlik bildirdi.
Yöllangan ta’ziyanomada Özbekiston va Eron örtasidagi keng qamrovli hamkorlikni, özaro manfaatli va uzoq muddatli şeriklik munosabatlarini rivojlantirişga ulkan hissa qöşgan Ibrohim Raisiyning yorqin xotirasi xalqlar qalblarida doimiy saqlanib qolişi ta’kidlangan.
Davlat rahbari döst Eron xalqiga, marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga çuqur ta’ziya izhor etgan.
Namangandagi gullar festivali
Namanganda an’anaviy 63-xalqaro gullar festivali avtomobillar paradi bilan boşlandi.
Namangan xalqaro aeroportidan to Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat boğigaça bölgan 10 kilometrdan ortiq masofani gullar bilan bezatilgan turli rusumdagi 200 dan ortiq avtomobillar bosib ötdi.
Joriy yil 23 iyunga qadar davom etadigan festivalga 6 milliondan ortiq mehmonlar, jumladan, 200 mingdan ortiq xorijiy sayyohlar buyurişi kutilmoqda.
Angrenda vagonlar quladi
Ijtimoiy tarmoqlarda 7 ta yuk vagoni relsdan çiqib ketib qulab yotgani haqidagi video tarqaldi.
«Özbekiston temiryöllari» holat yuzasidan izoh berdi. Unga köra, voqea 2024 yil 18 may kuni «Özbekiston temiryöllari» AJga emas, balki «Çirçiq savdo baraka» MÇJga tegişli bölgan şoxobça temiryölida sodir bölgan. BN Grain and oil group MÇJ xodimlari vagonlardan yuk tuşiriş vaqtida temiryöl qurilmasi «lebyodka» işlaş texnologiyasiga rioya qilmagan.
Mazkur yuk vagonlarini tuşiriş vaqtida zarur xavfsizlik texnikasiga rioya qilmasdan taşkilot xodimlari lebyodka yordamida vagonlarni tortib olişga uringan, qurilmadan tros uzilib, vagonlar harakatlana boşlagan.
Vaziyat davomida BN Grain and oil group MÇJ xodimlari vagonlar harakatini töxtatişga urinib körgan va natijada ikkita vagon ğildiraklaridan butunlay çiqib ketgan, yana beşta vagon yon tomonga ağdarilib ketgan.
Xorijga mehnat şartnomalari
Özbekiston elçisi Nodir Turğunov Saudiya Arabistonining Kdot Partners kompaniyasi ijroçi direktori Faysal al-Dovud bilan uçraşuv ötkazdi.
Faysal al-Dovud ikki davlat örtasida aloqalar barça jabhalarda rivojlanib borayotganini, saudiyalik işbilarmon doira vakillarining Özbekistonga investitsiya kiritişga qiziqişi ortganini ta’kidladi. Unga köra, kompaniya Özbekistondan xizmat körsatiş sohasi vakillari, texniklar va hamşiralarni işga jalb etişga e’tibor qaratmoqda.
«Uşbu soha mutaxassislariga Saudiya Arabistonida talab juda yuqori. Şuni inobatga olib biz özbek tomoni bilan hamkorlik aloqalarini yölga qöyişdan manfaatdormiz», degan u.
Rossiyaning Stavropol ölkasidagi qişloq xöjaligi faoliyati bilan şuğullanadigan «Nejinskoye» aksiyadorlik jamiyati rahbari Yevgeniy Kolomitsev bilan ham uçraşuv bölib ötdi.
Kolomitsevga köra, taşkilotning issiqxonalarida bodring va pomidor mahsulotlari yetiştiriladi. U korxona faoliyati, xorijiy işçilar uçun yaratib berilgan şart-şaroitlar, oylik maoşlari töğrisida ma’lumot berdi. Korxonaning işlab çiqariş hajmi oşayotganligi sababli 50 nafar Özbekiston fuqarolarini işga jalb qiliş imkoniyati mavjudligini bildirdi.
Maktablardagi zöravonliklar
Farğona viloyatining Buvayda tumanidagi xorijiy tillarga ixtisoslaşgan maktabi direktori dars vaqtida 7-sinf öquvçisidan boşidagi «vandamka»ni yeçişni talab qilib, rad javobi olgaç uni döpposlagan. Holat Farğona viloyati maktabgaça va maktab ta’limi boşqarmasi tomonidan örganilayotgani ma’lum qilindi.
Samarqandda öquvçi sevgi izhor qilgani sabab «samosud» qilindi
Samarqand viloyatining Past Darğom tumanidagi 6-sinf öquvçisiga sevgi izhor qilgan 20-maktabning 9-sinf öquvçisi bölgan yigitça qizaloqning akasi tomonidan «samosud» qilingan.
Aka 15 may kuni bolani öz uyining içiga olib kirib, unga tan jarohati yetkazgan. Şuningdek, erkak göyoki bolaning ta’zirini beriş maqsadida bolaning soçini qayçi bilan olgan va qoşini kuydirib, uyidan çiqarib yuborgan. Holat yuzasidan qasddan badanga örtaça oğir şikast yetkaziş moddasi bilan jinoyat işi qözğatilgan.
Kun.uz — 2023 yilning eng yaxşi brendi
Kun.uz internet naşri «MAKON» marketing forumida ommaviy axborot vositalari orasida «Yil brendi» nominatsiyasiga munosib deb topildi.
Yil brendi bu – Özbekiston xalqi va turli sohalarning yetakçi mutaxassislari fikriga köra, tovarlar va xizmatlarning eng ommabop toifalari böyiça Özbekistonning eng yaxşi brendlariga beriladigan mukofotdir. Unda Özbekistondagi yetakçi işlab çiqaruvçilar, xizmat körsatuvçilar va ommaviy axborot vositalari orasidan yetakçi brendlar aniqlanadi.
Forumning «OAV va reklama. Internet naşrlari» yönalişida Kun.uz internet naşri iste’molçilar bergan ovozlar hisobida eng yuqori natijani qayd etdi va «Yil brendi-2023» mukofotini qölga kiritdi.
Ob-havo ma’lumoti
Özbekistonda yangi hafta örtasidan yana yomğirli ob-havo kutilmoqda. Yurtimiz böylab çorşanbagaça quruq ob-havo kuzatiladi, harorat +24...+29 darajagaça kötariladi.
23–24 mayda Toşkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo va Farğona vodiysi viloyatlarida ba’zi joylarda momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomğir yoğadi. Respublikaning qolgan hududlarida yoğingarçiliksiz ob-havo saqlanib turadi.
Uşbu kunlarda harorat kötariladi va haftaning örtasiga kelib +24...+29 daraja, janubda +30...+32 darajaga yetadi.
22−23 may kunlari çöl hududlarda, 24 mayda respublika böyiça ba’zi joylarda şamol tezligi 13−18 m/s gaça kuçayişi, ayrim joylarda çang-tözonlar bilan kuzatilişi mumkin.
Toğoldi va toğli hududlarda 20−24 may kunlar vaqti-vaqti bilan yomğir yoğadi, sel-suv toşqin hodisalari yuzaga kelişi saqlanib turadi.










