O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin Toshkentdagi muzokaralarni rasmiy delegatsiyalar ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom ettirdi.

Muzokaralarda O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovlik strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini, eng avvalo, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi yuksak darajasi va o‘ziga xosligi, davlatlararo hamkorlikning barcha soha va yo‘nalishlarini qamrab olganligi mamnuniyat bilan ta’kidlandi.

– Sizning davlat tashrifingizni haqli ravishda tarixiy deb atash mumkin. Bu tashrif mamlakatlarimiz o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarida yangi bosqichni boshlab bermoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Muzokaralar davomida tomonlar parlamentlar, hukumatlar, vazirliklar, idoralar, hududlar, jamoatchilik, ekspertlar va ishbilarmon doiralar darajasidagi faol aloqalarni davom ettirishga kelishib oldi.

Bu maqsadda bosh vazirlar darajasidagi Qo‘shma komissiya va Hukumatlararo komissiyaning imkoniyatlaridan to‘liq foydalaniladi, ularning navbatdagi yig‘ilishlari shu yil oxirigacha o‘tkaziladi.

Shuningdek, muntazam siyosiy maslahatlashuvlarni, BMT, MDH, ShHT kabi xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar hamda boshqa ko‘p tomonlama platformalar doirasida yaqin hamkorlikni davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.

O‘zaro savdo aylanmasining barqaror sur’ati mamnuniyat bilan ta’kidlandi. So‘nggi 7 yilda u 2,5 barobar oshdi. Tomonlar yangi maqsadli ko‘rsatkichga – yaqin istiqbolda savdo hajmini joriy 10 mlrd dollardan 30 milliard dollarga yetkazishga kelishib oldi.

Bu vazifani amalga oshirishga ko‘maklashish uchun Rossiyada O‘zbekistonning to‘laqonli savdo vakolatxonasi tashkil etiladi.

Bugungi sammitga energetika, metallurgiya, neft-kimyo, mashinasozlik, tog‘-kon sanoati, qishloq xo‘jaligi, logistika, farmatsevtika, sun’iy intellekt va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda 20 milliard dollardan ortiq qiymatda yangi sanoat kooperatsiyasi loyihalari tayyorlandi.