The New York Times gazetasi Rossiya bosqini boşidan buyon Ukrainadagi vayrongarçilik kölami baholangan katta tadqiqotni e’lon qildi.
Jurnalistlar olimlar bilan birgalikda mamlakat hududidagi sönggi ikki yil davomida şikastlangan yoki vayron bölgan har bir binoning sun’iy yöldoş orqali olingan tasvirlarini tahlil qilişgan. «Bu Ukrainadagi uruş qayerlarda olib borilgani va vayrongarçiliklar kölamining ilk keng qamrovli kartinasidir», — deyiladi materialda.
Tadqiqot mualliflari hisob-kitoblariga köra, 2022 yil fevralidan 2023 yil dekabriga qadar Ukrainada 210 ming atrofida bino yakson etilgan, bular asosan qariyb 1300 kilometrga çözilgan butun front çiziği böylab joylaşgan.
Bu butun Manhetten tört marta yer yuzidan supurib yuborilganidan köra köproq, deya taqqoslaydi gazeta. «Ukrainaning ba’zi joylari Ikkinçi jahon uruşidan keyingi Drezden yoki London yoki yarim yillik bombardimondan keyingi Ğazo sektorini eslatadi», — deya yozadi NYT.

Suriştiruv qanday ötkazilgan?
Jurnalistlar masofadan zondlaş sohasidagi ikki yetakçi olim — Nyu Yorkdagi Şahar universiteti aspiranturasidan Kori Şer va Oregon ştati universiteti vakili Jyeymon van der Huk bilan işlaşgan.
Tadqiqot mualliflari keng kölamli uruş boşlangan kunlardan 2023 yil dekabriga qadar bölgan davrdagi radiolokatsion sun’iy yöldoşlar olgan tasvirlardagi tarkibiy özgarişlarni tahlil qilişgan.
Tasvirlar oçiq manba — Sentinel-1 Yevropa kosmik agentligi suratlaridan tanlab olingan, uning sun’iy yöldoşlari har 12 kunda yer yuzasi holatini fiksatsiya qilişadi.
Tadqiqotçilar jami 50 terabayt atrofidagi tasvirlarni töplaşgan. Ma’lumotlarni tekşiriş uçun jurnalistlar Maxar Technologies va Planet Labs kompaniyalarining yuqori aniqlikdagi sun’iy yöldoş tasvirlaridan foydalanişgan. Vayrongarçiliklar kölamini baholaş uçun tasvirlar OpenStreetMap va Microsoft Global ML Building Footprins proyektlaridagi binolarning 17 milliondan ortiq konturlari bilan taqqoslangan.
Tahlilda anneksiya qilingan Qrim va Sevastopol, şuningdek Ukrainaning Vinnitsadan ğarbdagi hududlari aks etmagan, bu hududlar böyiça aniq ma’lumotlardan foydalaniş imkoni yöq.
















