1 maydan boshlab O‘zbekistonda elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha ijtimoiy norma joriy etildi. Ijtimoiy norma deganda aholiga elektr energiyasi va tabiiy gazning tannarxidan ancha arzonga sotiladigan miqdori tushuniladi. Bu miqdor elektr energiyasi uchun oyiga 200 kWh’gacha; tabiiy gaz uchun mart-oktyabr oylarida oyiga 100 kub metrgacha, noyabr-fevral oylarida esa oyiga 500 kub metrgacha deb belgilangan.
Vazirlar Mahkamasining shu yil aprelda qabul qilingan 204-sonli qarori bilan 1 iyundan boshlab foydalanilgan elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha oylik ma’lumot bazaviy me’yor va undan ortiq hajmlar kesimida iste’molchilarga yuborilishi kerak. Hozirda Hududiy elektr tarmoqlari va Hududgaz aksiyadorlik jamiyatlari iste’molchilarga ma’lumot yuborishni boshlamoqda.
“Hududgazta’minot” AJ raqamlashtirish ofisi bo‘lim boshlig‘i Nurbek Do‘stovning ta’kidlashicha, iste’molchilarga oylik ma’lumot yuborilishi 5 iyundan boshlanadi.
“Shu qaror bo‘yicha “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ASKUG tizimi joriy qilingan. Bu orqali gaz hisoblagichlaridan keladigan ko‘rsatkichlarning hisob-kitobini amalga oshirish yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu dasturiy ta’minot orqali hukumat qaroriga asosan bazaviy me’yor va undan yuqori me’yor bo‘yicha hisob-kitob qilish mexanizmi ishlab chiqildi va bu bo‘yicha iste’molchilarga joriy yilning 5 iyunidan boshlab SMS ko‘rinishida xabarnoma yuborilishi ishga tushadi.
Shuningdek, iste’molchilar o‘zi ishlatadigan kunlik gaz iste’moli haqidagi ma’lumotni bilib borish uchun “Hududgazta’minot” saytida shaxsiy kabinetni ishga tushirganmiz. U orqali bazaviy me’yor va undan ortiq ishlatilgan gaz, qancha gaz hajmiga nisbatan qancha to‘lov qilishlari bo‘yicha ma’lumotlarni bilib borishlari mumkin”, – deydi Nurbek Do‘stov.











