Yevro-2024 ikki guruhda dastlabki o‘yinlar o‘tkazildi. Pley-offga kimlar yaqinroq? Va 1/8 finalga chiqish uchun qaysi jamoalarga keyingi turlarda qanday natijalar kerak? Quyida shu haqda.

A guruhi

A guruhida kutilganidek Germaniya yaqqol favorit. Ochilish o‘yinida mezbonlar Shotlandiyani yirik hisobda tor-mor etishgandi — 5:1. Shveytsariya ham Vengriyani ishonchli tarzda mag‘lub etib (3:1) ikkinchi o‘rinda joylashdi.

Vengriya — Shveytsariya 1:3
Gollar: Varga (66) — Dua (12), Ebisher (45), Embolo (90+3). 
Vengriya – Gulachi, Fiola, Orban, Lang (Bolla, 46), Salai (Dardai, 79), Kerkez (Adam, 79), Shallai, Nad (Klyaynhaysler, 67), Soboslai, Shafer, Varga.
Shveytsariya – Zommer, Vidmer (Stergiu, 68), Rodriges, Sher, Akanji, Ebisher, Jaka, Froyler (Siyerro, 86), Vargas (Embolo, 74), Ndoyye (Rider, 86), Dua (Amduni, 68).
Ogohlantirishlar: Vidmer (5), Froyler (59), Salai (69), Fiola (88).

Vengrlarni Yevro saralashidagi muvaffaqiyatli ishtirok uchun (Serbiyani ortda qoldirib, guruhida birinchi o‘rin bilan chiqqandi) shunchalik ko‘p maqtashdiki, bu uchrashuv arafasida maydonga teng kuchli raqiblar chiqib keladigandek tasavvur uyg‘ongandi. Amalda esa shveysariyaliklar 12-daqiqadayoq hisobni ochishdi — Kvadvo Dua gol muallifi. Birinchi bo‘lim davomida hisob 2:0 ko‘rinishiga keldi — tanaffus arafasida Mixel Ebisher to‘pni darvoza to‘riga mixladi.

Ikkinchi bo‘lim esa butkul boshqacha boshlandi. Vengrlar jonlandi va Shveytsariya darvozasiga bosim uyushtirdi. Natijada haqli gol urishdi — Barnabash Varga 66-daqiqada 23 yoshli sardor Dominik Soboslaining uzatmasidan keyin hisobni qisqartirdi.

Vengriyalik ulkan gavdali hujumchi Martin Adam Yevropa chempionatida kun qahramonlaridan biriga aylandi. Ikkinchi bo‘limda zaxiradan tushirilgan hujumchi barcha yakkakurashlarda ustun keldi.

Ammo vengrlarning bundan ortig‘iga kuchi yetmadi. Vaziyatlar kamaya bordi, kambek qilish uchun vaqt ham. Shveytsariya esa uchinchi golni ham urdi: Bril Embolo Villi Orbanning qo‘pol xatosidan foydalanib, darvozabon bilan yakkama-yakka chiqib ketdi va to‘pni uning ustidan oshirib tashladi — 3:1.