Bugun, 24 iyun kuni B guruhida muhim o‘yinlar bo‘lib o‘tadi. Ispaniya allaqachon o‘zi uchun pley-off yo‘llanmasini hal qilgan. Italiya, Xorvatiya va Albaniya esa 1/8 final uchun kurashni davom ettiradi. Quyida 3-turda qaysi jamoaga qanday natija kerakligi ko‘rib chiqiladi.
Xorvatiya – Italiya. 00:00/ Zo'rTV
2022 yilgi jahon chempionatining bronza medallari sovrindorlari Yevroda muvaffaqiyatli ishtirok eta olmayapti. 1-turda Xorvatiya Ispaniyaga yirik hisobda mag‘lub bo‘ldi — 0:3, keyin esa Albaniya bilan o‘yinda 90+5-daqiqada g‘alaba boy berildi — 2:2. Bir ochko – Zlatko Dalich jamoasi ikki o‘yinda qo‘lga kiritishni ko‘zlagan ochko emas. Italiya esa birinchi o‘yinda Albaniyani taslim etgandi — 2:1, ammo keyin Ispaniyaga kuchi yetmadi — 0:1.
Pley-offga chiqish uchun Italiyaga nima kerak?

Italyanlar uchun barchasi oddiy: jamoani Xorvatiya bilan o‘yinda durang ham qoniqtiradi. Shunda ular Ispaniya – Albaniya uchrashuvi natijasi qanday bo‘lishidan qat’i nazar guruhda ikkinchi o‘rinni egallaydi. Italiya baribir ispanlarni quvib o‘ta olmaydi va albanlarni oldinga o‘tkazib yubormaydi (o‘zaro uchrashuvdagi g‘alaba evaziga).Italyanlar g‘alaba qozonsa ham ikkinchi o‘rin bilan pley-offga yo‘l oladi.
Ammo mag‘lubiyatga uchralgan taqdirda barchasi qiziq tus oladi. U holda Luchano Spalletti jamoasi Xorvatiyani oldinga o‘tkazib yuboradi va uchinchi o‘rindan yuqoriga ko‘tarila olmaydi. Bunday ssenariyda 1/8 final yo‘llanmasi boshqa guruhlardagi natijalarga bog‘liq bo‘ladi. Pley-offga olti guruhdagi uchinchi o‘rin egalaridan nisbatan yaxshiroq ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan to‘rt jamoa ham chiqadi. Ammo uch ochko har doim ham pley-off yo‘llanmasini kafolatlay olmaydi. Qolaversa, Football Meets Data hisob-kitoblariga ko‘ra, V guruhining uchinchi jamoasi keyingi bosqichiga chiqishi ehtimoli – 36 foizga baholangan (barcha guruhlar orasida eng yomoni).
Agar Italiya Xorvatiyaga yutqazsa va Albaniya kutilmaganda Ispaniyani mag‘lub etsa, Yevropaning amaldagi chempionlari pley-offsiz qolishi 100 foizga aniq bo‘ladi.
Pley-offga chiqish uchun Xorvatiyaga nima kerak?

Xorvatiyani faqat g‘alaba qutqaradi. Shunda Zlatko Dalich jamoasi ochkolari sonini to‘rttaga yetkazib, Italiyani quvib o‘tadi va Albaniya Ispaniyani yenggan taqdirda ham kamida uchinchi o‘rinda bo‘ladi. Agar Albaniya Ispaniyani yenga olmasa, xorvatlar ikkinchi pog‘onaga joylashadi. Agar Xorvatiya ham, albanlar ham g‘alabaga erishsa, ikkinchi o‘rin taqdirini to‘plar nisbati hal qiladi. Hozircha bu ko‘rsatkich Albaniyada yaxshiroq: xorvatlardagi «-3» (2:5) ga qarshi «-1» (3:4).


















