Donald Tramp vitse-prezidentlik uçun öz nomzodi sifatida körsatgan ohayolik 39 yoşli senator Jyeyms Devid Vens Respublikaçilar partiyasining prezidentlikka nomzodini azaldan qöllab kelmagan va bir neça yil muqaddam uni eng tahqirli sözlar bilan haqoratlagandi. Bundan taşqari, Vens Amerikaning Ukrainaga harbiy yordamiga muntazam ravişda qarşi çiqib keladi: u Rossiya bosqinini qöllamaydi, ammo Kiyev ğalaba qozonişi mumkinligiga ham işonmaydi.

Quyida noyabr oyidagi saylovlarda Tramp ğalaba qozongudek bölsa, AQŞ vitse-prezidentiga aylanişi mumkin bölgan siyosatçi va  Ukraina hamda Rossiya haqida nimalar degani va yozgani haqida hikoya qilinadi.

«Men doimo Trampga qarşi bölganman. U menga heç qaçon yoqmagan». «Xudoyim, u qançalar tentak!» «U menga yaramas odam bölib körinadi». Bu Vensning Donald Tramp haqida 2016 yilda, öziga maşhurlik keltirgan «Qişloq elegiyasi» memuarlari e’lon qilinganidan keyin aytgan gaplarning bir qismi.

Öşa yili u feysbukda hamkasblaridan biri bilan yozişmada quyidagi mazmunda xabar yozadi: «Men ba’zida Tramp —Amerika Hitleri deb öylayman».

Ammo bir neça yil ötganidan keyin Vens Trampning eng işonçli ittifoqçilaridan biriga aylandi. Endi Ohayo ştatidan saylangan senator uning saylovoldi kampaniyasidagi hamkori — va respublikaçilarning 2028 yilgi prezidentlik saylovlari uçun nomzodlaridan biri. U bunga respublikaçi senator sifatida qozongan obrösi va Amerikaning Örta Ğarbida tuğilgani tufayli erişdi.

Öz hayoti va karerasida Vens bir neça bor tub özgarişlarni boşdan ötkazgan. Qaşşoq oiladan çiqqan bu odam qanday qilib Amerika siyosati çöqqisiga çiqa oldi?

Uni maşhur qilgan memuarlar

Vens Ohayo ştatining Middltaun şahrida tuğilgan va Jyeyms Devid Bouman ismi-şarifini olgan. Uning onasi giyohvand moddalarga qaramlikdan aziyat çekardi, otasi esa bölajak senator çaqaloqligida oilani taşlab ketgan. Şuning uçun uni buvisi va bobosi östirgan, u ularni «ona va otasi» deb biladi.

Middltaun AQŞ Örta ğarbidagi tuşkunlikka uçragan sanoat mintaqasi bölmiş «zanglagan belboğ» (Rust Belt)da joylaşgan bölsa-da, Vens özini Amerikaning biroz boşqaçaroq mintaqasi: Appalaçi toğlari hududi bilan boğlaydi. Bu Amerika janubidan tortib sanoatlaşgan Örta Ğarb çekkalarigaça çözilgan hududlar bölib, Amerikaning qator eng qaşşoq qismlarini ham öz içiga oladi.