AQSh zarbalari Eronning sohilbo‘yi hududlarini mamlakat ichkarisi bilan bog‘laydigan logistika tarmoqlarini izdan chiqaryapti. Ayrim tahlilchilar buni yaqin oylar ichida ehtimoliy quruqlikdagi operatsiyalar uchun tayyorgarlik deb talqin qilyapti. Eron rasmiylari urush keyingi bosqichga o‘tsa, mintaqadagi ayrim davlatlarga qiyin bo‘lishini bir necha bor ta’kidlagan.

Mavzu yuzasidan “Geosiyosat” dasturida siyosiy tahlilchilar fikr yuritishdi.

— AQSh-Eron urushi davom etar ekan, Fors ko‘rfazi davlatlari yakdil bir pozitsiya ishlab chiqadimi yo oxirigacha harakatsiz nishon bo‘lib qolaveradimi?

Hamza Boltayev: AQShning Eronga bergan zarbalaridan so‘ng, Tehron oldindan Ko‘rfaz mintaqasidagi AQSh manfaatlari va harbiy bazalariga javob zarbalari berilishi mumkinligini bildirgan edi. Biroq yaqinda Pokistonda o‘tgan konferensiyada qatnashganimda, qatarlik bir mutaxassis bilan suhbatlashdim. Unga ko‘ra, bu bayonotlar ko‘p jihatdan asossiz bo‘lib, Eronning bir qator zarbalari fuqarolik obektlariga ham yo‘naltirilgan. Bu – voqealarga bevosita guvoh bo‘layotgan, mintaqada yashab faoliyat yuritayotgan ekspertlarning qarashi.

Eron rasmiylari ta’kidlaganidek, Tehronda AQShning asosiy hududiga zarba berish imkoniyati yo‘q. Shu sababli ular uchun asosiy maqsad – omon qolish va qarshilik ko‘rsatish. Bu esa tabiiy ravishda mintaqadagi AQSh harbiy bazalari va manfaatlariga nisbatan choralar ko‘rishni anglatadi.

Bu vaziyat Ko‘rfaz mamlakatlarini qanchalik birlashtiryapti? Amalda Fors ko‘rfazi davlatlari o‘rtasida yakdillik mavjud emas. Masalan, Qatar va Ummon Eron bilan muzokaralar olib borish va muammolarni individual tarzda hal etish tarafdori. Birlashgan Arab Amirliklari esa AQSh va Isroil bilan yaqin hamkorlikni kuchaytirmoqda. Shu bilan birga, mamlakat ichidagi ayrim ekspertlar bunday siyosat davom etsa, BAA asta-sekin AQSh va Isroil uchun harbiy infratuzilmaga – xususan, aerodrom vazifasini bajaruvchi hududga aylanib qolishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Saudiya Arabistoni esa nisbatan mustaqil kuch markaziga aylanishga intilmoqda. Mintaqa davlatlarining strategik qarashlari va manfaatlari turlicha bo‘lgani sababli, yagona pozitsiyaga kelish imkoniyati hozircha cheklangan.

Shu bilan birga, AQShning so‘nggi harbiy zarbalari tahlil qilinsa, ular Eronning sohilbo‘yi hududlari bilan ichki hududlarini bog‘laydigan logistika tizimini izdan chiqarishga qaratilgani ko‘rinadi. Ayrim ekspertlar bu harakatlarni kuz fasliga borib ehtimoliy quruqlikdagi operatsiyalarga tayyorgarlik sifatida baholamoqda. Bunday ssenariyda Ko‘rfaz mamlakatlari qanday yo‘l tutadi – bu hali ochiq savol. Hozircha esa ayrim davlatlar voqealarning aynan shu yo‘sinda rivojlanishidan ma’lum darajada manfaatdor ko‘rinadi.