Malidagi isyonchilar 84 nafar «vagnerchi» yo‘q qilingani haqida xabar berdi
Ayirmachi qurolli guruhlar ittifoqiga ko‘ra, «Vagner» XHKning 84 nafar jangchisi va Mali hukumati armiyasining 47 askari Tinzauaten qishlog‘i yaqinidagi janglarda halok bo‘lgan.
Mali shimolidagi isyonchilar 25 iyuldan 27 iyulgacha bo‘lgan davrda Rossiyaning «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi 84 yollanma jangchisi, shuningdek, Mali hukumati armiyasining 47 askari yo‘q qilinganini bildirdi. Bu haqda 2 avgust, jumaga o‘tar kechasi AFP xabar berdi.
Ayirmachi qurolli guruhlarning CSP-DPA alyansi 1 avgust kuni e’lon qilgan bayonotga ko‘ra, Tinzauaten aholi punkti yaqinida tuareg isyonchilari bilan janglarda halok bo‘lgan yoki og‘ir yaralangan yana 30 ga yaqin kishi vertolyotda Kidal shahriga yetkazilgan.
Bayonotda, shuningdek, isyonchilar beshta zirhli mashina, beshta yuk mashinasi va qurol-yarog‘larni qo‘lga olishga muvaffaq bo‘lganligi ham aytiladi. AFP agentligi ta’kidlashicha, uning xodimlari bu ma’lumotlarning to‘g‘riligini tekshirish imkoniga ega bo‘lmagan.
«Vagner»ning Malidagi yo‘qotishlari
Avvalroq, 29 iyul kuni «Razgruzka Vagnera» Telegram-kanalida ta’kidlanishicha, Mali hukumat armiyasi (FAM) va XHK 13-hujum otryadining «vagnerchilari» 2024 yil 22 iyuldan 27 iyulgacha Tinzauaten qishlog‘i yaqinida «Azavad muvofiqlashtiruvchi harakati» va Rossiya Federatsiyasida taqiqlangan «Al-Qoida Sahelda» guruhi jangarilari bilan jang qilishdi. TASS axborot agentligining XHKga tayanib yozishicha, rossiyalik yollanma askarlarga 1 ming kishigacha bo‘lgan guruh qarshilik ko‘rsatgan.
Qayd etilishicha, XHK 13-hujum otryadi komandiri, «Prud» chaqiruv belgisiga ega bo‘lgan Sergey Shevchenko janglarda halok bo‘lgan. XHK yo‘qotishlari haqida batafsil ma’lumot berilmagan.
28 iyul kuni Reuters, AFP va AP agentliklarining xabar berishicha, rossiyalik «Vagner» XHK yollanma askarlari va ittifoqdosh Mali hukumati kuchlari Malining shimolida Jazoir bilan chegara yaqinida, tuareglar hukmronlik qiladigan qurolli guruhlar koalitsiyasi bilan jangda jiddiy talafot ko‘rgan.
Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, ikki kunlik jang natijasida Mali armiyasi va rus yollanma askarlari kolonnasi «mag‘lubiyatga uchratilgan», «o‘nlab» halok bo‘lganlar va yaradorlar bor. «Rossiya yollanma askarlari va Mali askarlari qochib ketishdi, - dedi bo‘lginchi qurolli guruhlarning CSP-DPA alyansi vakili Muhammad Elmauloud Ramadan. - Boshqalar taslim bo‘lishdi».
Malida hukumat va isyonchilar o‘rtasida to‘qnashuv
Mali hukumati bilan ekstremistik va separatistik guruhlar o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuv 2012 yilda boshlangan. O‘shandan buyon mamlakat, birinchi navbatda, xavfsizlik va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot sohasida inqiroz holatida.
Rossiyalik yollanma askarlar 2021 yildan beri Malida mavjud. 2020 yilda polkovnik Assimi Goita boshchiligidagi harbiylar mamlakatda hokimiyatni qo‘lga oldi. Ular Fransiya bilan an’anaviy aloqalarni uzdilar va Rossiya Federatsiyasi bilan yaqinlashishni boshladilar, «Vagner» XHKdan yollanma askarlarni mamlakatga taklif qildilar.
Xunta mamlakatning butun hududida, birinchi navbatda shimoliy Kidal mintaqasida nazorat o‘rnatish vazifasini qo‘ydi. 2023 yilda harbiylar Kidalni qo‘lga olishga muvaffaq bo‘lishdi.
Mavzuga oid
13:20 / 15.10.2024
Kiyev Malidagi isyonchilarga UUA yetkazib berilgani haqidagi ma’lumotni rad etdi
22:12 / 25.09.2024
FT: Yevgeniy Prigojin pullarni yashirin ravishda g‘arb banklari orqali o‘tkazgan
20:33 / 18.09.2024
Armanistonda davlat to‘ntarishiga urinishning oldi olindi
13:16 / 11.09.2024