2024 yil 27 oktabr kuni O‘zbekistonda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlar saylovlari bo‘lib o‘tadi. MSK saylov kompaniyasi 2024 yil 26 iyulidan boshlanishini e’lon qilgan. Kun.uz muxbiri Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Hayitov bilan partiyaning saylovoldi dasturi va rejalari haqida suhbatlashdi.

Assalomu alaykum, Aktam Ahmadovich. Barchamiz shu kunlarda davlatimiz mustaqilligining 33 yilligini nishonlash arafasida turibmiz. Suhbatimiz avvalida Sizga shunday savol bilan murojaat qilishni istar edim: xo‘sh, mustaqillik bizga nima berdi?

– Vaalaykum assalom. Avvalo, imkoniyatdan foydalanib, yurtdoshlarimizni hammamiz uchun qadrli bo‘lgan kun – mustaqilligimizning 33 yilligi bayrami bilan partiyamizning bir yarim milliondan ziyod a’zolari nomidan chin qalbimdan muborakbod etaman. Barchangizga mustahkam sihat-salomatlik, oilalaringizga baxtu saodat, fayzu baraka tilayman. Jonajon Vatanimiz nufuzi jahon maydonida yuksalaversin.

Endi bevosita savolingizga qaytadigan bo‘lsak, mustaqillik o‘zligimizni, erkinligimizni, xalqchil va demokratik tamoyillarga asoslangan milliy davlatchiligimizni, erkin fuqarolik jamiyatini berdi. Iqtisodiyot, ilm-fan, ta’lim, madaniyat va boshqa sohalarda mislsiz muvaffaqiyatlar qo‘lga kiritildi. Ayniqsa, 2017 yilga kelib barcha sohalarda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar shiddatli tus oldi.

Eng asosiysi, inson va uning qadri yuksaldi. Barcha islohotlar markazida inson qadrini ulug‘lash qo‘yildi. “Inson-jamiyat-davlat” yondashuvi Konstitutsiyamiz mazmun-mohiyatiga chuqur singdirildi. U hayotimizning bosh qadriyatiga aylandi.

Bundan yetti yil oldin dunyo hamjamiyati o‘zi uchun O‘zbekistonni qaytadan kashf etdi. Yuksak siyosiy iroda tufayli O‘zbekiston dunyoga, dunyo O‘zbekistonga ochildi. Ayniqsa, mintaqa davlatlari bilan o‘zaro munosabatlardagi sovuqchiliklarga to‘la barham berildi. Dunyoda Yangi O‘zbekistonga nisbatan ishonch ruhi va mamlakatimiz bilan hamkorlikka intilish kuchaydi. Umuman olganda, mintaqaning yuragida joylashgan mamlakat – O‘zbekiston o‘zgardi, qo‘shnilar, qolaversa, dunyo hamjamiyati bilan ochiq siyosat yuritish ustuvorlik kasb etdi.

Aholi o‘rtasida va davlat idoralarida tadbirkorlarga munosabat o‘zgardi. Jamiyatda ularning obro‘si va mavqei kun sayin ortib borayapti. Chunki mulk va mulkdorlar, xususiy sektor vakillarining huquq va manfaatlari qonun yo‘li bilan himoya qilinishi yanada takomillashdi.

Ana shulardan kelib chiqib, “xususiy mulk daxlsizligi”, “iqtisodiy faoliyat erkinligi” singari fundamental demokratik tushunchalar va hayotiy ko‘nikmalar Yangi O‘zbekistonda real voqelikka aylandi. Prezidentimiz yaqinda Qoraqalpog‘istonda bo‘lib o‘tgan tadbirkorlar bilan muloqotda biznes ahlini Yangi O‘zbekistonning bunyodkorlari, deb atadi. Bunday yuksak ishonch, samimiyat partiyamiz elektorati bo‘lgan tadbirkor va ishbilarmonlarni behad ilhomlantirib yubordi. Umuman olganda, mamlakatimizdagi ortga qaytmaydigan va muqarrar tus olgan bugungi xalqchil demokratik jarayonlar mustaqillik bergan eng katta ne’mat, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.