Lviv shahri ma’muriyati rahbari Andrey Sadovoy o‘z telegram-kanalida raketa zarbasi oqibatida shaharda yetti  kishi halok bo‘lgani haqida xabar bergan. Qurbonlarning uch nafari bolalar.

53 kishi yaralanib shifoxonaga yotqizilgan, shundan kamida yetti nafari bolalar. Yaralanganlardan besh nafari og‘ir ahvolda.

Qurbonlardan biri shahar poliklinikasida ishlovchi 50 yoshli hamshira, yana biri 14 yoshli qiz ekani ma’lum.

Zarba oqibatida asosiy vokzal hududi shikastlangan. Shahar markazida jami 50 dan ortiq binoga zarar yetgan, jumladan ikki maktab va ikkita tibbiyot muassasasiga.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan soat 5:40 atrofida Lviv markazi ustidan bir necha raketa uchib o‘tgan, shundan keyin juda kuchli portlash ovozlari eshitilgan va chaqnash ko‘ringan.

Shahar uzra quyuq tutun ko‘tarilgan, zarba kelib tushgan joylarga tez yordam karetalari yetib kelgan.

«Shahardagi oddiy turar joylar, maktablar, tibbiyot muassasalari jabrlandi», — deya Lviv bo‘ylab zarbaga munosabat bildirgan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, tunda Lvivdan tashqari Kriviy Rihga ham hujum qilinib, bu yerda besh kishi jarohatlangan. U «terrorga adolatli javob qaytarish» uchun yana bir bor ittifoqchilardan Ukrainaga uzoq masofaga harakatlanuvchi qurollar so‘ragan.

Sadovoyning xabariga ko‘ra, zarba hududiga aylangan uchta ko‘chada joylashgan uylarning ko‘plab derazalari to‘kilib tushgan. Bundan tashqari, shahar o‘qqa tutilishi tufayli ikkita maktabda o‘quv yili ochilishi keyinga qoldirilgan.

Sadovoy temiryo‘l vokzali atrofidagi vayrongarchiliklar aks etgan fotosuratlarni ham namoyish etgan. Suratda Anna va Yelizaveta cherkovi aks etgan bo‘lib, uni shaharga kelgan sayyohlar vokzaldan shahar markaziga kelishda tomosha qilishlari mumkin edi.

Lviv oblasti ma’muriyati rahbari Maksim Kozitskiy oblast hududiga «Shaheed» dronlari va «Kinjal» raketalari bilan kombinatsiyalashgan hujum uyushtirilganini ma’lum qilgan. U zarba berilgan hududlarda infratuzilmalar ham, harbiy obektlar ham bo‘lmaganini qo‘shimcha qilgan.

Tungi hujum