XIX asrning ikkinchi yarmida Chor Rossiyasi Markaziy Osiyoning janubiy qismini bosib olish harakatlarini boshlar ekan, o‘shanda Turkistonga rus askarlari bilan birga boshqa sohalar vakillari ham kirib keladi.

Ular orasida savdogarlar, muhandislar va boshqa kasb egalari bilan birga rassom Vasiliy Vereshchagin ham bor edi.

Bu insonni bugun eslayotganimiz bejiz emas.

Rossiya avval Kavkaz, keyin Turkistonni bosib olar ekan, sof vijdonli rus ziyolilari imperiyaning bosqinchilik siyosatiga qarshi chiqadi. Ulardan farqli ravishda Vereshchagin chorizm istilosiga qarshi chiqish o‘rniga, Chor Rossiyasi armiyasiga qo‘shilib, janglarda ishtirok etadi.

Jumladan, anchayin yovuz odam bo‘lgan rassom bir qo‘lida mo‘yqalam, boshqasida qurol bilan Turkistonni bosib olishda ishtirok etadi.

Taniqli adib, publitsist Ortiqboy Abdullayev rus adiblarini o‘zaro taqqoslab, Vereshchaginga shunday ta’rif bergandi:

«O‘z vaqtida ilg‘or rus ziyolilari bosqinchilik va talonchilikka qarshi faol munosabat bildirdi. Gersen va Ogaryovlar Londonda turib rus imperializmining istilochilik faoliyatini fosh etuvchi maqolalar e’lon qildi. Buyuk rus adibi Lev Tolstoy bir qancha qissa va hikoyalarida («Hojimurod»ni eslang) o‘z ozodligi, erki uchun rus zobitlariga qarshi mardona kurashayotgan tog‘lik qahramonlarning oliyjanob siymosini katta mehr, xayrixohlik bilan tasvirlaydi. M.Lermontov otashin she’rlarida «yuvuqsiz Rossiya» ustidan ayovsiz hukm chiqaradi.

Amerika jurnalisti Mak-Gaxan o‘z xotiralarida chor istibdodining qonli manzaralarini haqqoniy chizib beradi. Turkistondagi harbiy harakatlarda bevosita ishtirok etgan V.Nalivkin begunoh qon to‘kishlarga chiday olmasdan, chor armiyasini tashlab ketadi va chekka Nanay qishlog‘ida yer sotib olib, qo‘sh haydab, o‘z mehnati, bilak kuchi bilan tirikchilik qilishni ma’qul ko‘radi. Bunday fidoyilar ro‘yxatini yana davom ettirish mumkin. Afsuski, ular orasida Vereshchaginning nomi yo‘q».

Vereshchagin o‘zi chizgan surat fonida

Urushni xush ko‘ruvchi rassom

Vasiliy Vereshchagin 1842 yilda Novgorod guberniyasidagi Cherepovets shahrida tug‘ilgan. Ulg‘aygach, avval harbiy maktabda, so‘ng Sankt-Peterburg san’at bilim yurtida tahsil olgan.

Sankt-Peterburgda o‘qib yurganida u haftasiga bir necha martadan rassomlarni rag‘batlantirish imperator jamiyatiga qatnab yuradi. Rassom ijodini aynan shu davrda boshlaydi.