Chempionlar ligasi umumiy guruh bosqichi 3-turi doirasida «PSJ» va «Barselona» oʻrtasida kechgan oʻyin (4:2) jarohatlarga boy boʻldi. Oʻyinning birinchi boʻlimidayoq har ikki jamoa bosh murabbiylari Luis Enrike va Hansi Flik Usmon Dembele va Dani Olmodagi jarohat tufayli bittadan majburiy almashtirishga qoʻl urgandi. Ikkinchi boʻlimda esa Xvicha Kvaratsxeliya jiddiy jarohat oldi. Gurjistonlik vinger tizzasidagi jarohat tufayli oʻyinni davom ettira olmadi. Bugun parijliklar klubi matbuot xizmati ushbu futbolchining oʻng tizzasidagi xochsimon paylari uzilib ketganini maʼlum qildi.
Maydonni mustaqil tark etolmadi
Futbolchi oʻyinning 57-daqiqasida Xvicha Kvaratsxeliya raqib himoyachisi Xavi Espart bilan toʻqnashuvdan keyin gazonga noqulay holatda yiqildi.

Avvaliga bu toʻqnashuvdan ispaniyalik himoyachi koʻproq aziyat chekkandek koʻringandi.


Ammo Espart oʻrnidan turdi va oʻyinni davom ettirdi, Kvaratsxeliya esa oʻng tizzasini ushlagancha gazonda yotib qoldi.


59-daqiqada Luis Enrike oʻz vingerini Magnes Akliushga almashtirdi. Xvicha maydonni mustaqil tarzda tark etolmadi: uni tibbiyot shtabining ikki xodimi yelkalab, tribunalar ostiga olib ketdi. Kadrlarda futbolchi oʻng oyogʻini bosa olmayotganini koʻrish mumkin edi.
Oʻyin vaqtidayoq Kvaratsxeliyaning tizzasidagi xochsimon paylari uzilib ketgani haqida taxminlar paydo boʻldi. Ispaniyalik fizioterapevt Anxel Vilyanueva epizod videoyozuvini oʻrganib chiqib, tiklanish toʻqqiz oy vaqt olishini taxmin qildi.



















