Rossiya, Xitoy kabi yirik davlatlar 14-15 ta davlat bilan chegaradosh bo‘lsa, ayrim orol davlatlar quruqlikda biror mamlakat bilan chegaraga ega emas.

Ba’zi davlatlar o‘rtasidagi umumiy chegaralar bir necha ming kilometr bo‘lsa, ayrim davlatlar orasidagi chegara bor-yo‘g‘i 150 metrni tashkil etadi.

Quyida ikki davlat o‘rtasidagi quruqlikdan o‘tgan eng uzun va eng qisqa chegaralar haqida ma’lumotlarni keltiramiz.

Eng uzun chegaralar

10. AQSh – Meksika: 3145 kilometr

Shimoliy Amerikada joylashgan Meksika quruqlikda bor-yo‘g‘i uchta davlat – shimolda AQSh, janubda Beliz va Gvatemala davlatlari bilan chegaradosh.

Meksikaning AQSh bilan chegarasi quruqlikdan o‘tgan eng uzun chegaralar reytingida o‘ninchi o‘rinda joylashgan. U dunyodagi eng tig‘iz chegara hisoblanadi va bir yilda uni bir necha o‘n million odam qonuniy va noqonuniy kesib o‘tadi.

Shuningdek, ushbu chegara nafaqat Markaziy va Janubiy Amerika, balki butun dunyodan AQShga noqonuniy kirmoqchi bo‘lgan odamlar uchun asosiy yo‘lak hisoblanadi.

Bundan tashqari, Lotin Amerikasidan AQSh va Kanadaga olib kiriladigan giyohvand moddalar ham chegara ostida qazilgan tunnellar orqali shu yerdan o‘tadi.

AQSh tomoni bu chegarani nazorat qilishda katta qiyinchiliklarga duch kelgani uchun 2016 yilda Donald Tramp prezident bo‘lib saylangandan so‘ng bu chegaraga balandligi 5 metrli devor qurish ishlari boshlab yuborildi. Tramp prezidentlikdan ketgach, devor qurilishi to‘xtab qoldi.

9. Xitoy – Hindiston: 3380 kilometr

Xitoy quruqlikdan o‘tgan chegaraning uzunligi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egallaydi. Bu davlat quruqlikda 22,8 ming km chegaraga ega.

Uning Hindiston bilan bo‘lgan chegarasi dunyodagi eng uzun chegaralaridan biri hisoblanadi.

Xitoy va Hindiston o‘rtasidagi chegaraning asosiy qismi «dunyo tomi» deb ataladigan Himolay tog‘lari ustidan o‘tgan.