Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga Polsha tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiyning mamlakatdan tashqarida yashovchi va safarbarlikka tushgan ukrainaliklarga yordam berishni to‘xtatish taklifiga rozi bo‘ldi. Fikr almashish 14 sentabr kuni Yalta Yevropa strategiyasi (YES) konferensiyasi doirasida bo‘lib o‘tdi.

Sikorskiy o‘z bayonotida harbiy xizmatga majbur bo‘lgan ko‘plab ukrainaliklar Yevropa davlatlarida yashab, ijtimoiy to‘lovlarni olishda davom etishini eslatdi. «Germaniyada u yerda vaqtinchalik himoya ostida bo‘lgan ukrainaliklar katta yordam olishadi - 500 yevrodan ko‘proq va turar joy uchun kompensatsiya bilan birga, gap oyiga 1000 yevrodan ko‘proq pul haqida ketyapti. Niderlandiyada ham shunday, Fransiyadagi summalar bo‘yicha aniq ma’lumot yo‘q», - dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya boshlagan urushda Kiyevga yordam berishning «oddiy yo‘li» safarbarlikka uchragan ukrainaliklarga yordamni to‘xtatish bo‘ladi. «Chaqiruvdan qochish moliyaviy yordam uchun sabab emas. Shunchaki, ularga to‘lashni to‘xtating», dedi Polsha vaziri.

Uning ukrainalik hamkasbi Sibiga bu fikrga qo‘shildi. «Men vazir Sikorskiyning g‘oyasini qo‘llab-quvvatlayman, o‘z vatanini himoya qilish mas’uliyati qayerda yashashidan qat’i nazar, barcha fuqarolarga tegishli», dedi u. Tashqi ishlar vaziri, shuningdek, Yevropa Ittifoqi davlatlarini ukrainaliklarni vatanlariga qaytishga undaydigan dasturlar ishlab chiqishga chaqirdi. Sibiga ma’lumotlariga ko‘ra, millionga yaqin safarbarlik yoshidagi fuqarolar hozir Ukrainadan tashqarida yashaydi.

Germaniyada ukrainaliklar uchun ijtimoiy imtiyozlarni bekor qilish muhokama etilyapti

2024 yilning yozida Germaniyaning bir qancha siyosiy partiyalari vakillari ukrainalik qochqinlarni fuqarolik imtiyozlaridan (Bürgergeld) mahrum qilishga chaqirishdi.

Chaqiruv yoshidagi ukrainaliklar bo‘yicha tegishli takliflar birinchi bo‘lib Brandenburg federal yeri ichki ishlar vaziri Mixael Shtyubgen va Bavariya Ichki ishlar vazirligi rahbari Yoaxim Xerrmann tomonidan muxolifatdagi konservativ blok tomonidan kiritilgan.

Keyinroq ularning talablariga hukmron koalitsiyaga kiruvchi Ozod demokratik partiya bosh kotibi Bijan Jir-Saray qo‘shildi. «Bizda hamma joyda - oziq-ovqat sanoatida, qurilishda yoki kasal va nogironlarga g‘amxo‘rlik qilish sohasida ishchi kuchi tanqisligi mavjud. Endi ishsizlikni soliq to‘lovchilar puli bilan moliyalashimiz shart emas, balki odamlarning ish bilan ta’minlanishiga ishonch hosil qilishimiz kerak», - dedi u.