YuVeNTUS – NAPOLI (21 sentabr, 21:00)

Shubhasiz, A Seriyaning eng markaziy o‘yinlaridan biri. «Napoli» o‘tgan mavsumni muvaffaqiyatsiz o‘tkazgan bo‘lsa-da, hozirgisi boshqa – Antonio Konte faktorining o‘zi ham neapolliklarning jiddiy ambitsiyasidan darak beradi. Jamoa mavsumni Veronadagi yirik mag‘lubiyat bilan boshlagan bo‘lsa-da, keyin o‘ziga keldi. Qatorasiga uch o‘yinda g‘alaba qozondi. «Napoli» hozirda faqat «Torino» va «Udineze»dan orqada – «Torino» bir o‘yin ko‘proq o‘ynab bo‘ldi, «Udineze»ni esa bu turda «Roma» maydoniga safar kutib turibdi. Demak, agar «Napoli» g‘alaba qozonsa, shu haftadayoq turnir jadvalida 1-o‘ringa chiqib oladi.

«Yuventus» ham uzoqda emas, raqibi bilan faqat bir ochko ajratib turibdi xolos. Turinliklar ham agar g‘alaba qozonishsa, 1-o‘ringa chiqib olish imkoniga ega. E’tiborlisi, «Napoli»dan farqli ravishda Motta shogirdlari hali mag‘lubiyatga uchragani yo‘q, umuman, hali birorta ham to‘p o‘tkazib yubormagan kuchli beshlikdagi yagona jamoa hisoblanadi. Mavsumni bir xil – 3:0 hisobidagi ikki g‘alaba bilan boshlagan «Yuventus» qatorasiga ikki o‘yinda golsiz durangga imzo chekdi. Ammo Chempionlar Ligasida PSV bilan o‘yinda yana 3 golli rejimga qaytildi – 3:1. Darvoqe, «Yuventus»ning hafta o‘rtasida Chempionlar Ligasida o‘ynagani mehmonlarga qo‘l kelishi mumkin. «Napoli»ning bu mavsum yevrokuboklarda qatnashmasligi chempionatda Kontega ustunlik beradigan muhim faktorlardan biriga aylanishi ham hech gap emas.

O‘zaro o‘yinlarga qarasak, so‘nggi yillarda «Napoli»ning biroz ustunligini ko‘rishimiz mumkin. Chempionlik mavsumida «Napoli» har ikki o‘yinda ham g‘alaba qozongan bo‘lsa, o‘tgan yili «Yuventus» faqat Turindagi o‘yinni minimal hisobda o‘z foydasiga hal qildi. Umuman, aynan Turinda kechgan oxirgi 3 o‘yinda faqat bir marta mezbonlar g‘alaba qozonganini e’tirof etish lozim.

Tarkiblar borasida ikki tomonda ham deyarli yo‘qotishlar yo‘q. Arkadiush Milik «Yuventus»ga o‘zinining sobiq jamoasiga qarshi bahsda yordam bera olmaydi. Shuningdek, mezbonlarning yangi xaridi Fransishku Konseysauda ham kichik jarohat bo‘lib, yana kamida ikki hafta maydonga qayta olmasa kerak. Har ikki jamoa oxirgi 5 o‘yinda 9 tadan gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Demak, bu o‘yindan ham ko‘proq gol kutishga haqlimiz.

FeNeRBAHChe – GALATASAROY (21 sentabr, 22:00)

Odatda, kuchli beshlikdan tashqaridagi o‘yinlar haqida batafsil to‘xtalmaymiz, ammo bu — boshqa masala. Gap faqat Turkiya darajasidagi eng katta o‘yinning bo‘lib o‘tishida ham emas. E’tibor bering, Tadich, Fred, Suyunju, Sen-Maksimen, An-Nosiri, Jyeko, Amrabat, Under, Tosun, Muslera, Torreyra, Mertens, Batshuayi, Sanches, Osimhen – sanalganlarning hammasi Turkiya Superligasining markaziy o‘yinida maydonga tushishi mumkin. Axir bu nomlar avvalroq tilga olingan A Seriya markaziy o‘yini qatnashchilaridan ham jarangliroq emasmi?