Visual Capitalist Xalqaro valyuta jamğarmasining 2026-yil oktabrdagi «Jahon iqtisodiyoti istiqbollari» hisoboti prognozlari asosida eng yirik iqtisodiyotlarni taqqoslagan. Infografikada 20 ta mamlakatning nominal yalpi içki mahsuloti - YAIM hamda xarid qobiliyati pariteti böyiça körsatkiçlari keltirilgan.

Nominal YAIM mamlakatda yaratilgan mahsulot va xizmatlar qiymatini bozordagi valyuta kursi orqali dollarga aylantirib hisoblaydi. Xarid qobiliyati pariteti esa mamlakatlar örtasidagi narxlar farqini inobatga oladi: bir xil mablağ turli davlatlarda qança tovar va xizmat sotib olişga yetişini taqqoslaydi.

Nominal hisobda AQŞ iqtisodiyoti 2026-yilda 32,6 trillion dollarga, Xitoyniki esa 21,5 trillion dollarga yetişi prognoz qilingan.

Xarid qobiliyati pariteti böyiça esa Xitoyning YAIM 44,6 trillion xalqaro dollarga baholanmoqda. Bu AQŞ körsatkiçidan taxminan 37 foiz yuqori. Xitoy uşbu hisoblaş usuli böyiça AQŞdan ilk bor 2014-yilda özib ketgan.

Ikkala reytingda ham keltirilgan mamlakatlar orasida eng katta örin farqi Indoneziyada kuzatiladi. U nominal YAIM böyiça 17-örinda bölsa, xarid qobiliyati hisobga olinganda yettinçi örinni egallaydi. Bu holda Indoneziya Kanada, Fransiya va Buyuk Britaniya kabi yirik iqtisodiyotlardan yuqorida turadi.

Hindistonning örni ham sezilarli özgaradi. Mamlakat nominal reytingdagi oltinçi örindan xarid qobiliyati böyiça uçinçi öringa çiqib, Germaniya, Yaponiya va Buyuk Britaniyani ortda qoldiradi.

Hindiston YAIM xarid qobiliyati pariteti böyiça 19,2 trillion xalqaro dollarga baholangan. Germaniyada bu körsatkiç 6,6 trillionni taşkil etadi. Yaʼni uşbu usulda Hindiston iqtisodiyoti Germaniyanikidan qariyb uç baravar katta.

Rossiya esa nominal YAIM böyiça sakkizinçi, xarid qobiliyati böyiça törtinçi örinda qayd etilgan. Ikkinçi hisoblaş usulida uning iqtisodiyoti 7,5 trillion xalqaro dollarga baholanib, Yaponiya va Germaniyadan yuqorida joylaşgan.

Bu örinlar farqi mamlakat iqtisodiyoti qisqa vaqtda keskin ösganini anglatmaydi - bir yil uçun ikki xil ölçov qöllanmoqda. Şuningdek, iqtisodiyotning umumiy hajmi aholi jon boşiga töğri keladigan daromad yoki turmuş darajasi bilan bir xil körsatkiç emas.

Keltirilgan raqamlar 2026-yilning yakuniy natijalari emas, Xalqaro valyuta jamğarmasining prognozlaridir.