So‘nggi kunlarda benzin narxi yoqilg‘i quyish shoxobchalarida sezilarli darajada qimmatlashdi. Bu birjada narxlar oshgani fonida ro‘y beryapti.

16 oktyabr holatiga, AI-80 benzinining 1 tonnasi 10 mln 32 ming so‘mgacha qimmatlashdi. Bu rekord ko‘rsatkichdir. Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning mos davrida o‘tkazilgan savdolarda ushbu markadagi benzinning har tonnasi 7 mln 293 ming so‘mdan sotilgan. Bir yil davomida birja narxlari 37,5 foizga oshdi.

2023 yilning 1 oktyabridan 2024 yilning 16 oktyabrigacha bo‘lgan davrda birjada AI-80 benzini o‘rtacha narxlari dinamikasi

Birjada taklif keskin kamaygan

16 oktyabr kungi savdolarda birjaga 1768 tonna AI-80 benzini qo‘yilgan. Solishtirish uchun, bir yil avval shu kuni birjaga 3180 tonna benzin chiqarilgan. Narxlarning oshishi ushbu mahsulotning savdoga qo‘yilish va sotish hajmi dinamikasi bilan bevosita bog‘liqligi ko‘rinadi, ya’ni taklif qisqargani ortidan narxlar oshmoqda.

Vaholanki, rasmiy raqamlar shuni ko‘rsatadiki, o‘tgan yilga nisbatan ishlab chiqarish ham, import hajmi ham ko‘paygan. Xususan, 2024 yilning 1 sentabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 896 ming tonna avtomobil benzini ishlab chiqarilgan. Bu o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslanganda (2023 yilning yanvar-avgust oylarida 892 ming tonna) 4 ming tonnaga ko‘proq.

Shuningdek, joriy yilning dastlabki 8 oyida O‘zbekistonga neft va neft mahsulotlarining importi 29,5 foizga ko‘payib, 1 mlrd 422 mln dollarni tashkil qilgan.

Kun.uz bilan suhbatlashgan xususiy AYoQShlar tarmog‘i egasining ta’kidlashicha, ayni paytda ularga birjadan olingan benzinning 1 litri 7900 so‘mga aylanmoqda. Shuningdek, bunga soliqlar, tashish va saqlash bilan bog‘liq xarajatlar ham qo‘shiladi. Natijada tannarxning o‘zi 8500 so‘mgacha yetishi mumkin.

“Narxlarning oshishiga hamma uchun bir xil qoidalar ishlamayotgani, birjaga chiqarilayotgan benzin hajmining keskin qisqartirilgani asosiy sabab bo‘ldi. Xabaringiz bo‘lsa, O‘zbekistonga K2 toifaga kiritiladigan benzinni import qilish taqiqlandi. AI-80 shu toifaga kiradi. Shuning uchun chetdan import qilish ham to‘xtab qoldi, biz uchun yagona yechim birjaga qo‘yiladigan miqdorni ko‘paytirish. Ayni paytda har bir MChJga kunlik savdolarda 4 tonnalik limit ham qo‘yilgan. Shuni ham 10 tonnagacha oshirish kerak”, dedi u.