O‘zbekiston | 07:52 / 13.11.2024
7415
2 daqiqa o‘qiladi

Ziroat Mirziyoyeva COP29'da O‘zbekiston milliy pavilioni bilan tanishdi

O‘zbekistonning birinchi xonimi, Zamin xalqaro jamoat fondi vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva Bokuda o‘tayotgan Global iqlim sammitidagi ishtiroki davomida ekofaollar bilan birgalikda COP29'da tashkil etilgan O‘zbekiston milliy pavilioni bilan tanishdi.

Foto: O‘zA

Mamlakat pavilionining "Ichki barqarorlik" mavzusidagi konsepsiyasi o‘zbek xonadonining qalbi va oilaviy uyg‘unlik ramzi bo‘lgan an’anaviy hovliga asoslangan. Pavilion mamlakat iqlimiga mos, vaqt sinovidan o‘tgan barqaror, an’anaviy materiallar va qadimiy usullardan foydalanilgan holda bunyod etilgan.

Sammit kunlarida bu yerda yerlarning tanazzulga uchrashi va cho‘llanishi, bioxilmaxillik, shaharlarning iqlimga chidamliligi, Orolbo‘yi mintaqasini tiklash kabi O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasining asosiy iqlim muammolarini qamrab olgan 30 dan ortiq tadbir o‘tkaziladi.

O‘zbekiston birinchi xonimi Ozarboyjon birinchi xonimi Mehribon Aliyeva, Turkiya birinchi xonimi Emine Erdo‘g‘an va Qirg‘iziston birinchi xonimi Oygul Japarova bilan birgalikda “Birdamlik markazi” pavilioniga tashrif buyurdi. U Turkiya prezidenti rafiqasining "Nol chiqindi" tashabbusi doirasida va Ozarboyjon prezidenti rafiqasi boshchiligidagi Haydar Aliyev jamg‘armasi ko‘magida ochilgan.

Mehmonlarga mazkur tashkilotlarning chiqindilarni boshqarish, qayta ishlash, ekologik dasturlar va innovatsion yechimlar, shuningdek, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi loyihalari haqida batafsil ma’lumot taqdim etildi.

Shu yerda Ozarboyjonning Shamaxi shahrida daraxt ekish kampaniyasini boshlash marosimi bo‘lib o‘tdi. To‘rt mamlakatning birinchi xonimlari masofadan turib ko‘kalamzorlashtirish tadbirlariga start berdi.

Mavzuga oid