Tashrif davomida oliy martabali mehmonlarga markazda tarbiyalanuvchilar uchun tashkil etilgan mahorat darslari taqdim etildi. Birinchi xonimlar bolalar bilan samimiy muloqot qilib, ularning ijodi va qobiliyatlari bilan tanishdi.

Mehmonlar sharafiga «Shattik» milliy raqs ansambli hamda yosh komuzchilar ansambli chiqish qildi. Shuningdek, «Aqilman» iqtidorli bolalar prezident litseyi tarbiyalanuvchilari tomonidan loy va kigizdan tayyorlangan buyumlar ko‘rgazmasi namoyish etildi.


Shundan so‘ng birinchi xonimlar markazning sohil hududi va san’at galereyasini ko‘zdan kechirdi. Galereyada Qirg‘izistonda o‘tkaziladigan bolalar ijodiyoti bo‘yicha xalqaro tanlovlar g‘oliblari, jumladan, o‘zbekistonlik yosh rassomlarning ijod namunalari ham taqdim etildi.

Tashrif doirasida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Ozarboyjon xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik ramzi hisoblangan «Do‘stlik daraxti» nomli kigiz pannosiga yakuniy bezak elementini tushirish marosimi ham o‘tkazildi.
Tashrif yakunida Qirg‘iziston birinchi xonimi Aygul Japarova O‘zbekiston birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyevaga an’anaviy qirg‘iz milliy musiqa asbobi - changqo‘bizni tuhfa qildi.












